Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning ta’kidlashicha, barqaror va farovon Markaziy Osiyo mintaqa xalqlari bilan bir qatorda barcha xalqaro hamkorlarning ham tub manfaatlariga javob beradi.
Qirg‘iziston Prezidenti matbuot xizmatining yozma bayonotiga ko‘ra, davlat rahbari Seul shahrida bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammitida nutq so‘zladi.
Sammit mintaqalararo hamkorlikda yangi sahifa ochganini qayd etgan Sadir Japarov shunday dedi: "Barqaror va farovon Markaziy Osiyo nafaqat mintaqa xalqlarining, balki xalqaro hamkorlarning ham manfaatiga xizmat qiladi."
So‘nggi yillarda Markaziy Osiyo dinamik, uyg‘un va iqtisodiy jihatdan bir-biriga chambarchas bog‘langan hududga aylanganini ta’kidlagan Prezident mintaqada keng ko‘lamli o‘zgarishlar yuz berayotganini alohida qayd etdi. U bu jarayonlar o‘zaro ishonch hamda umumiy uzoq muddatli manfaatlarga asoslanganini urg‘ulab, sammit doirasida qabul qilingan Seul deklaratsiyasi kelgusi yillar uchun aniq loyihalarni o‘z ichiga olgan amaliy harakatlar dasturiga asos bo‘lishini bildirdi.
Janubiy Koreyani Markaziy Osiyoning ishonchli hamkori deb atagan Qirg‘iziston yetakchisi savdo, sarmoya, transport, energetika, raqamlashtirish va ta’lim sohalarida o‘zaro manfaatli loyihalarga e’tibor qaratdi. Uning fikricha, bugungi kundagi eng muhim vazifa — mamlakatlar o‘rtasidagi yuksak siyosiy ishonchni uzoq muddatli iqtisodiy va texnologik sheriklik darajasiga ko‘tarishdir.
Tadbir yakunida hamkorlik, tinchlik, farovonlik va gumanitar sohalardagi asosiy qarashlarni o‘z ichiga olgan hamda aloqalarni strategik darajaga ko‘taruvchi 28 banddan iborat Seul deklaratsiyasi imzolandi. Shuningdek, sammitning ikkinchisi 2028-yilda Qozog‘istonda o‘tkzilishi ma’lum qilindi.
Janubiy Koreya Prezidenti Li Je-myung mezbonlik qilgan mazkur sammitda Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov bilan birga Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon va Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov ishtirok etdi.




























