AQShning Erondagi virtual elchixonasi mamlakat bo‘ylab beqarorlik kuchayib borayotgani sababli dushanba kuni AQSh fuqarolarini imkon qadar tezroq Erondan chiqib ketishga chaqirdi.
E’lon qilingan xavfsizlik ogohlantiruvida elchixona “Erondan darhol chiqib keting”, deya murojaat qilib, fuqarolardan AQSh hukumati yordamisiz Erondan chiqib ketish rejasini tuzishni so‘radi. Ogohlantirishda, shuningdek, “Agar chiqib keta olmasangiz, yashash joyingizda yoki boshqa xavfsiz binoda pana joy toping”, deyiladi.
Tavsiyada Erondagi AQSh fuqarolaridan davom etayotgan internet uzilishlariga tayyor bo‘lish, muqobil aloqa yo‘llarini rejalashtirish hamda “agar xavfsiz bo‘lsa, quruqlik orqali Armaniston yoki Turkiyaga o‘tib, Erondan chiqib ketish imkoniyatini ko‘rib chiqish” so‘ralgan.
Eron–AQSh ikki fuqaroligiga ega shaxslar Erondan Eron pasporti bilan chiqib ketishlari kerakligi ta’kidlangan bayonotda; Eron hukumati ikki fuqarolikni tan olmasligi va bunday shaxslarga faqat Eron fuqarosi sifatida munosabatda bo‘lishi eslatib o‘tilgan. Shuningdek, “AQSh pasportini ko‘rsatish yoki Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan aloqadorligini isbotlash Eron rasmiylari tomonidan shaxsni hibsga olish uchun yetarli sabab bo‘lishi mumkin”, deyiladi.
Tramp ma’muriyati Eronga qarshi harbiy va maxfiy variantlarni ko‘rib chiqmoqda
Dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp hukumatga qarshi namoyishlarga bosimlar davom etayotgan bir paytda, Eron bilan savdo qiladigan “har qanday” davlatga 25 foizlik bojxona boji joriy etilishini e’lon qildi.
Tramp Eron rasmiylari namoyishlarni bostirish uchun o‘limga olib keluvchi kuch ishlatgan taqdirda hujum qilish bilan bir necha bor tahdid qilgan bo‘lsa-da, Tehron bilan diplomatik muloqot imkoniyatini o‘rganishga ham tayyor ekanini bildirgan.
Kelib tushgan xabarlarga ko‘ra, Trampga an’anaviy harbiy havo hujumlaridan tashqari, Eronga qarshi harakat qilish uchun turli variantlar taqdim etilgan. CBS News xabariga ko‘ra, harbiy va maxfiy vositalarning keng doirasi Eronning qo‘mondonlik tuzilmalari, aloqa tizimlari va davlat OAVlarini izdan chiqarishga qaratilgan kiberoperatsiyalar hamda psixologik kampaniyalarni o‘z ichiga olishi mumkin.
Ikki nafar Pentagon rasmiysiga tayangan holda berilgan xabarda, kiber va psixologik operatsiyalar alohida-alohida yoki bir vaqtning o‘zida ishga tushirilishi mumkinligi, biroq hozircha yakuniy qaror qabul qilinmagani aytiladi. Shuningdek, Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha jamoasi seshanba kuni Oq uyda Eronga oid yangilangan variantlarni muhokama qilishi kutilayotgani bildirilgan.
Tramp yakshanba kuni qilgan bayonotida, ma’muriyat Erondagi vaziyatni yaqindan kuzatayotganini va namoyishlarda halok bo‘lganlar soni oshib borayotgan bir paytda “juda kuchli variantlar” ko‘rib chiqilayotganini aytdi. AQSh qachon, qayerda yoki qanday harakat qilishi haqida ma’lumot bermagan Tramp, “Qarorga kelamiz”, deya qo‘shimcha qilib, Eron bo‘yicha har soatda hisobot olayotganini ham ta’kidladi.













