TURKIYA
5 daqiqa o'qish
Turkiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida mina tozalash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor
Hakan Fidan JTBC telekanaliga intervyu berdi va unda Yaqin Sharqdagi inqirozlar, Eron - AQSh diplomatiyasi, Global xavfsizlik masalalari, Isroil - Falastin muammosi, Turkiyaning o‘rtamchilik ro‘liga to‘xtaldi.
Turkiya Ho‘rmuz bo‘g‘ozida mina tozalash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor
_

Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan tomonlar talab qilgudek bo‘lsa unda Ho‘rmuz bo‘g‘ozida mina tozalash ishlariga hissa qo‘shishga tayyor ekanliklarini ma’lum qildi va AQSh bilan Eron o‘rtasidagi muzokaralardan natija olishdan umdivor ekanini bildirdi.

Hakan Fidan Janubiy Koreyaga bo‘lgan rasmiy tashrifi chog‘ida JTBC telekanaliga intervyu berdi va unda:

«Agar tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilsa yoki bizdan minalarni tozalash jarayoniga hissa qo‘shish iltimos qilingudek bo‘lsa unda buni mamnuniyat bilan amalga oshiramiz» - dedi.

Fidan Turkiyaning Rossiya – Ukraina urushi va boshqa xalqaro mojarolarni hal etishda doimo izchil va muvozanatli yondashuvga amal qilib kelayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar mojaro tomonlari muammoning yechimi borasida o‘zaro kelishuvga erishsa va Turkiyadan ushbu jarayonning bir qismi bo‘lish yoki kelishuvni amalga oshirishga ko‘maklashish so‘ralsa, Anqara bunday sa’y - harakatlarni qo‘llab - quvvatlashga tayyor.

Fidanning aytishicha ham AQSh, ham Eron keskinlikning kamayishini istamoqda va shu sababli u mojaroning yakun topishi masalasida optimistik ruhiyatini saqlab qolmoqda.

Turkiya Tashqi Ishlar vaziri AQSh Prezidenti Donald Trampning Eron bilan bir hafta ichida memorandum imzolanishi mumkinligi haqidagi bayonotiga munosabat bildirib, masalaga ehtiyotkorlik bilan yondashib, undan umidvor ekanini qayd etdi.

Mavzu haqida: «Men optimistman, chunki har ikki tomon, o‘rtamchi Pokiston va mintaqadagi boshqa manfaatdor tomonlar bilan muntazam ravishda maslahatlashyapman. Ularning kelishuvga erishishiga yordam berish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilyapmiz» - dedi.

Texnik tafsilotlar hali hanuz to‘liq hal etilmagan bo‘lishiga qaramay tomonlar umumiy loyiha doirasi bo‘yicha asosan kelishib olganini ifoda etgan Fidan: «Umid qilamanki, yaqin kunlarda yaxshi xabarlarni eshitamiz» - degan ifodalarga o‘rin berdi.

«Yadro masalasi»

Fidan Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bilan bog‘liq vaziyat global iqtisodiy va insonparvarlik oqibatlari sababli yadro masalasidan ham dolzarbroq tus olganini ta’kidladi.

Hakan Fidan bu borada: «Amaldagi vaziyat tufayli ilk bor boshqa bir masala yadro mavzusidan ham muhimroq ahamiyat kasb etdi. Bu — Ho‘rmuz bo‘g‘ozining holatidir» - dedi.

Vazir bo‘g‘ozning uzoq muddat yopiq qolishi Afrikaning ayrim hududlarida oziq - ovqat tanqisligi va dunyo miqyosida jiddiy uzilishlarga sabab bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra Vashington ham, Tehron ham kengroq muzokaralardan oldin bo‘g‘ozning qayta ochilishiga alohida ahamiyat bermoqda.

Fidan Isroilni nazarda tutib, uchinchi tomon muzokaralarga to‘sqinlik qilayotganini ifoda etgan holda xalqaro hamjamiyatni Isroilga diplomatiyani qo‘llab - quvvatlash uchun bosim o‘tkazishga chaqirdi.

Tashqi Ishlar vaziri: «Isroil AQSh va Eron o‘rtasida hozirgi shaklda tuzilishi mumkin bo‘lgan har qanday kelishuv o‘z manfaatlariga mos kelmaydi deb hisoblaydi. Shu sababli muzokaralarni izdan chiqarish yoki sabotaj qilish uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qilmoqda» - dedi.

Fidan xalqaro hamjamiyat qo‘lidagi eng kuchli diplomatik vositalardan biri sifatida o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasida Falastin davlatining to‘liq a’zoligini qo‘llab - quvvatlash uchun o‘tkazilgan ovoz berish ishlarini misol keltirdi. Ushbu ovoz berishda 157 davlat ijobiy ovoz bergan edi.

Vazirning ta’kidlashicha, butun xalqaro hamjamiyat G‘azo va Falastindagi genotsidga qat’iy qarshi ekanini namoyon qilgan va bu pozitsiyadan Isroilga bosim o‘tkazish uchun foydalanish lozim.

Fidan Yevropa ittifoqi, BMT, ayrim mintaqaviy va xalqaro tashkilotlar bilan milliy davlatlar Isroilga nisbatan yagona pozitsiya namoyish eta olgan taqdirda ijobiy natijaga erishish mumkinligini ta’kidladi. Uning fikricha, agar Isroil ushbu talab va chaqiriqlarga rioya qilmasa, unga nisbatan amaliy choralar ko‘rilishi zarur. Vazir o‘z sovzida shuningdek: «Shunday yondashuv ta’minlansa, muvaffaqiyatga erishish imkoniyatimiz yuz foiz bo‘ladi» - dedi.

Hakan Fidan, shuningdek, Isroilning mintaqadagi siyosati Yaqin Sharq chegaralaridan tashqarida ham jiddiy global xavflar tug‘dirayotgani, jumladan, energetik xavfsizlik va migratsiya masalalariga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganini ta’kidladi.

Shuningdek: «Isroilning mintaqadagi harakati, buning oqibatida yuzaga kelayotgan ekspansionistik va bosqinchilik siyosati hamda xalqlarni o‘z yurtlarini tark etishga majbur qilayotgan urushlarni keltirib chiqarishi nafaqat mintaqa, balki butun dunyo uchun katta xavflarni yuzaga chiqarmoqda. Buni Eronga qarshi hujumlarda ham ko‘rdik» - degan ifodalarga o‘rin berdi.

«Bu bir xomxayollik»

Fidan o‘z so‘zida quyidagi ifodalarga ham o‘rin berdi: «Isroil o‘tmishda Holokost fojeasiga duch kelganini o‘ziga daxlsizlik beruvchi omil deb hisoblaydi. Ular o‘zlarini alohida va istisno maqomdagi davlat sifatida ko‘rmoqda. Menimcha, bu xomxayoldir. Kim genotsid sodir etsa, kim bo‘lishidan qat’i nazar, uni qoralashimiz, nomini ochiq aytishimiz va uyaltirishimiz kerak».

Vazir Isroilni tinch aholi o‘limlarini to‘xtatishga, G‘azoga qo‘yilgan cheklovlarni bekor qilishga va bosib olish siyosatiga bas qilisga chaqirdi.

Shuningdek, Fidan AQSh prezidentlari odatda NATO sammitlarida qatnashishini yodga solgan holda Donald Trampning ham 7–8 iyul kunlari Anqarada bo‘lib o‘tadigan sammitda ishtirok etishini kutayotganini bildirdi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin shakllangan xalqaro tizim bugungi voqelikni endi to‘liq aks ettirmayotganini ta’kidlagan Fidan mavzu haqida shunday dedi:

«Bizga meros bo‘lib qolgan tizim insoniyat va milliy davlatlar sifatida muammolarimizni samarali tarzda hal qilishimizga imkon bermayapti».

U amaldagi xalqaro tizimni qayta ko‘rib chiqish zarurligini alohida ta’kidladi.

Xalqaro tartibotni isloh qilishga chaqirgan Fidan davlatlarning hamkorlik qilish qobiliyatining yetishmasligi «insoniyatga qarshi katta xiyonat» bo‘lishi mumkinligidan ogohlantirdi.

Turkiya – Janubiy Koreya munosabatlar

Fidan Turkiya bilan Janubiy Koreya Sinop atom elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik masalasini muhokama qilayotganini ma’lum qildi. U 2008 – 2009 - yillarda Koreya Elektr energetikasi korporatsiyasi (KEPCO) bilan olib borilgan avvalgi muzokaralarni ham eslatib o‘tdi.

Hakan Fidan loyiha Janubiy Koreya texnologiyalari asosida amalga oshirilishiga umid bildirdi.

Vazir Koreya urushidan buyon Turkiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi aloqalar mustahkam rivojlanib kelayotganini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2012 - yildan boshlab strategik sheriklik doirasida hamkorlik yanada chuqurlashgan.

Fidan savdo, mudofaa va texnologiya sohalaridagi hamkorlik izchil ravishda rivojlanayotganini ta’kidlab, Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an so‘nggi 24 yil davomida Janubiy Koreya bilan barcha darajalardagi hamkorlikka katta ahamiyat berib kelayotgani va ikki mamlakat o‘rtasida muntazam ravishda yuqori darajadagi uchrashuvlar o‘tkazilayotganini yodga soldi.