AQSh Prezidenti Donald Tramp Vashington va Tehron o‘rtasida davom etayotgan to‘qnashuvlar sharoitida Eron «butunlay qulayotgani»ni qayd etdi.
Tramp dushanba kuni Truth Social platformasida qo‘shimcha tafsilot bermagan holda: «Eron butunlay qulamoqda! Prezident DJT» - deb yozdi. Bu uning Tehronning iqtisodiy va harbiy holati haqidagi avvalgi bayonotlariga o‘xshash fikr bo‘ldi.
Yakshanba kuni AQSh Moliya vaziri Skott Bessent AQSh Eron bilan bog‘liq «iqtisodiy D - kun»ga kirganini ifoda etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu Tramp ma’muriyatining Tehronning harbiy va yadroviy salohiyatini yo‘q qilganidan keyingi bosqichdir.
Bessent X ijtimoiy tarmoqdagi postida: «Prezident (Donald) Tramp Eronning harbiy salohiyatini yo‘q qildi, uning harbiy zavodlarining qariyb 100 foizini vayron qildi va yadroviy dasturini ko‘mdi» - dedi.
Tramp juma kuni Tehronga nisbatan iqtisodiy choralar kuchaytirilayotgan bir paytda: «Eron hali ham Vashington bilan to‘g‘ri kelishuv tuzishga tayyor emas» - degan fikrda ekanini bildirdi.
Tramp jurnalistlarga: «Ular kelishuv tuzishni istaydi ammo menimcha, ular to‘g‘ri kelishuvga tayyor emas» - dedi.
U: «Pullari yo‘q, harbiy - dengiz floti yo‘q, havo kuchlari yo‘q, askarlariga maosh to‘lamayapti, politsiyaga ham maosh to‘lamayapti. Inflyatsiya 350 foiz» - deya qo‘shimcha qildi.
Tramp, shuningdek, AQSh Ho‘rmuz bo‘g‘ozi atrofidagi hudud, jumladan, muhim dengiz yo‘li va Eron janubidagi unga tutash quruqlik hududlari ustidan to‘liq nazorat o‘rnatganiga ishora qildi.
Vashington bilan Tehron iyun oyida harbiy harakatlarni to‘xtatish hamda bo‘g‘oz orqali dengiz qatnovini qayta tiklashni nazarda tutuvchi o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan edi. Biroq kelishuvni amalga oshirish shartlari va suv yo‘lining kelajakdagi maqomi borasidagi kelishmovchiliklar sababli keyinchalik buzildi.
To‘qnashuv fevral oyining oxirida AQSh va Isroil tomonidan Eronga uyushtirilgan hujum bilan boshlandi. Tehron bunga javob tariqasida Isroildagi nishonlar va mintaqadagi AQSh harbiy bazalariga hujum qildi.




















