TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Emine Erdo‘g‘an dunyoning “adolot masalasida muvaffaqiyatsiz bo‘layotgani” haqida ogohlantirdi
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejeb Toyyib Erdo‘g‘anning rafiqasi Emine Erdo‘g‘an Syerra-Leoneda o‘tkazilgan forumda ayollar tinchlikni barpo etish va iqlimga chidamlilik sa’y-harakatlarining markazida bo‘lishi zarurligini ta’kidladi.
Emine Erdo‘g‘an dunyoning “adolot masalasida muvaffaqiyatsiz bo‘layotgani” haqida ogohlantirdi
Erdoʻgʻan ogohlantirdiki, 2050-yilga qadar taxminan 158 million ayol iqlim inqirozining taʼsiri tufayli oʻta qashshoqlikka tushib qolishi kutilmoqda. / AA
13 декабр 2025

Syerra-Leoneda bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanga video murojaat bilan qatnashgan Emine Erdo‘g‘an, asosiy inson huquqlaridan mahrum bo‘lgan millionlab ayollar va bolalar dunyoda tobora chuqurlashib borayotgan adolat tanqisligining yaqqol ko‘rsatkichi ekanini aytdi.

Erdo‘g‘an “Iqlim o‘zgarishi va mojarolarga qarshi ayollar va qiz bolalarning chidamliligini mustahkamlash” dasturi doirasidagi nutqida Syerra-Leone  birinchi xonim Fatima Maada Bioni ayollar va bolalar nomidan ko‘rsatayotgan “kuchli yetakchiligi” uchun yuqori baholadi. Shuningdek, Bio’ning Afrika Prezidentlari Rafiqalari Taraqqiyot Tashkiloti (Organisation of African First Ladies for Development) raisi sifatidagi faoliyati va yettinchi yilini nishonlayotgan “Hands Off Our Girls” tashabbusining asoschisi sifatida olib borayotgan ishlarini e’tirof etdi.

  Birinchi xonim Emine Erdo‘g‘an o‘zi raislik qilayotgan BMT Nol Chiqindi Maslahat Kengashi doirasidagi hamkorlik uchun minnatdorlik bildirdi va Bio’ning umumiy global muammolarga qarshi olib borayotgan “alohida e’tiborga molik sa’y-harakatlari”ni qayd etdi. U joriy yilgi yillik kampaniya mavzusi zamonamizning eng dolzarb masalalaridan biriga e’tibor qaratayotganini aytdi.

Nutqida Emine Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Iqlim o‘zgarishi bugungi kunning eng muhim global muammolaridan biridir; u rivojlanish darajasidan qat’i nazar barcha mamlakatlarga ta’sir ko‘rsatmoqda. Tabiiy ofatlar, qurg‘oqchilik, cho‘llanish va dengiz sathining ko‘tarilishi jamiyatlarni chuqur larzaga solmoqda.”

Og‘ir yuk ayollar zimmasida

Dunyoda 120 dan ortiq mojaro insoniyatni holdan toydirib, “inqiroz yoqasiga olib kelayotganini”, eng og‘ir bedelni esa ayollar va bolalar to‘layotganini aytgan Erdo‘g‘an:
“Faqatgina 2024-yilda 676 million ayol va bola mojarolar o‘chog‘ida yashashga majbur bo‘ldi, so‘nggi ikki yil ichida urushlarda halok bo‘lgan ayollar soni avvalgi yillarga nisbatan ikki barobar oshdi”, dedi.

U iqlim inqirozi oqibatlari sababli 2050-yilgacha qariyb 158 million ayol haddan tashqari qashshoqlikka tushib qolishi mumkinligi haqida ogohlantirdi. Hayot uchun kurashayotgan, yashash huquqi, oziq-ovqat xavfsizligi, toza suv va ta’limga kirish imkonidan mahrum millionlab ayollar va bolalarning mavjudligi dunyoning adolat borasidagi muvaffaqiyatsizligining asosiy sababi ekanini ta’kidladi.

Erdo‘g‘an ayollar farovonlik va adolat qaror topgan dunyoni barpo etishda “markaziy ishtirokchilar” sifatida ko‘rilishi lozimligini urg‘ulab, shunday dedi:
“Insonparvarlik inqirozlarida ayollar yordam kutuvchi emas, balki yechimlarning faol ishtirokchisi bo‘lishi kerak.”

Global birdamlikka chaqiriq

Tadqiqotlarga tayanib so‘zlagan Emine Erdo‘g‘an, parlamentlarda ayollar vakilligi oshgani sari xalqaro ekologik kelishuvlarning ratifikatsiya qilinish ehtimoli ham ortishini, vositachilik va tinchlikni barpo etishda ayollar ishtiroki zo‘ravonlikning tugash ehtimolini 24 foizgacha oshirishi mumkinligini aytdi. Ayollarning ijtimoiy va siyosiy maqomi yuqori bo‘lgan mamlakatlarda esa karbon chiqindilari 12 foizga kamroq ekanini qo‘shimcha qildi.

U ayollar qishloq xo‘jaligidagi mehnat kuchining yarmiga yaqinini tashkil etishini va ularga resurslardan teng foydalanish imkoniyati berilsa, global ocharchilikni 17 foizgacha kamaytirishga hissa qo‘sha olishlarini ta’kidladi.

Bu misollar bitta asosiy haqiqatni ochib berishini aytib, Emine Erdo‘g‘an shunday dedi:
“Ayollar va bolalarning global inqirozlarga chidamliligini oshirish faqat ayol yetakchiligi orqali mumkin.”

Afrikadan yangrayotgan ushbu chaqiriq butun dunyo bo‘ylab ayollar va bolalar hayotini o‘zgartiradigan global birdamlikni yoqib yuborishiga umid bildirgan Turkiya  Birinchi xonimi Emine Erdo‘g‘an yil yakunida insoniyat doimiy tinchlikka erishadigan va barqaror kelajakni birgalikda barpo etadigan yangi yil tiladi.