Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, juma kuni Pokiston poytaxti Islomobodning chekka hududlaridan biridagi masjiddagi yirik portlash natijasida kamida 30 kishi hayotdan ko‘z yumdi, 130 dan ziyod kishi esa tan jarohati oldi.
Islomobod politsiyasi shaharning Tarlai hududidagi keng masjiddagi ushbu portlash xudkushlik hujumi ekanini va hozirda tergov harakatlari davom etayotganini ma’lum qildi.
Ismi oshkor etilmasligi sharti bilan AFP agentligiga gapirgan yuqori lavozimli politsiya mulozimi qurbonlar soni "yana ortishi kutilayotganini" bildirdi. Pokiston Tibbiyot fanlari instituti (PIMS) shifoxonasi tashqarisida bo‘lgan AFP fotomuxbiri o‘nlab yaradorlarning kasalxonaga olib kelinganini tasvirladi.
Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif ushbu portlashdan "chuqur qayg‘uda" ekanini va hodisani "keskin qoralashini" bildirdi. Parlament ishlari bo‘yicha vazir Tariq Fazal Chaudhry ham X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida hujumni keskin qoralab, ushbu "qo‘rqoqlarcha harakat" natijasidagi talofatlardan qayg‘uda ekanini, qurbonlarning oilalariga ta’ziya bildirib, yaradorlarning sog‘ayishini tilashini ma’lum qildi.
Vazir shunday dedi: "Bunday terrorchilik harakatlari mamlakat ruhiyatini tushira olmaydi. Hozirgi kunda barchamiz tinchlik, bag‘rikenglik va barqarorlik uchun birlashishimiz hamda xavfsizlik kuchlari bilan hamjihat bo‘lishimiz zarur".
Televideniye va ijtimoiy tarmoqlardagi tasvirlarda politsiya va mahalla aholisi yaradorlarni yaqin oradagi shifoxonalarga tashiayotgani aks etgan. Pokiston Ichki ishlar vaziri Mohsin Naqvi hujumni qoralab, yaradorlarning turli shifoxonalarda eng yaxshi tibbiy yordam olishlarini ta’minlash bo‘yicha mas’ullarga topshiriq berdi.
Noyabr oyida Islomobodda sud binosi tashqarisida uyushtirilgan xudkushlik hujumida ham 12 kishi halok bo‘lgan edi.
Ushbu so‘nggi hujum taqiqlangan "Baloch Liberation Army" isyonchilari ta’sirli bo‘lgan janubi-g‘arbdagi Balujiston viloyatida qariyb 50 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan bir qator hujumlardan deyarli bir hafta o‘tib sodir bo‘ldi. Armiyaning ma’lumotlariga ko‘ra, xavfsizlik kuchlari ushbu hujumlarga javoban 200 dan ortiq terrorchini yo‘q qilgan.















