Rossiya dushanba kuni tongda Ukraina poytaxti Kiyev va Kiyev viloyatiga dron va raketalar bilan keng ko‘lamli hujum uyushtirdi. Ukraina rasmiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, hujum oqibatida kamida 10 kishi halok bo‘lgan, 61 kishi jarohatlangan.
Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenko Telegram’dagi sahifasida poytaxtning o‘zida 9 kishi halok bo‘lgani va 46 kishi yaralangani, zarbalar jiddiy vayronagarchiliklarga olib kelganini bildirdi. «Afsuski, bu yakuniy ma’lumot emas. Qutqaruv ishlari hanuz davom etmoqda», — dedi u.
Kiyev viloyati gubernatori Nikolay Kalashnik poytaxt atrofidagi hududlarda bir kishi halok bo‘lgani va 15 kishi jarohatlanganini qayd etdi. «Rossiya yana bir bor maqsadli ravishda tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasiga zarba bermoqda», — deb yozdi Kalashnik.
Kiyev meri Vitaliy Klichkoning so‘zlariga ko‘ra, Darnytskyi tumanida raketa qoldiqlari 25 qavatli turar-joy binosiga kelib tushgan, yuqori qavatlarda qolib ketgan 22 kishi qutqaruvchilar tomonidan evakuatsiya qilingan. Shuningdek, xuddi shu tumanda 30 qavatli turar-joy binosining yuqori qavatlarida yong‘in yuzaga kelgan. Podilskyi tumanida 21 qavatli bino qisman vayron bo‘lgan, Obolonskyi tumanida esa omborxona va noturar-joy binosiga zarar yetgan.
O‘z navbatida, Rossiya Mudofaa vazirligi o‘z kuchlari uzoq masofali aniq nishonga oluvchi qurollar hamda hujumkor dronlar yordamida zarbalar berganini ma’lum qildi. Rossiya tomoni buni o‘z hududidagi fuqarolik infratuzilmasiga qarshi amalga oshirilgan «terrorchilik hujumlari»ga javob deb atadi.
Rossiya vazirligi bayonotida keltirilishicha, zarbalar Kiyev va Kiyev viloyatidagi harbiy-sanoat obyektlari hamda yoqilg‘i-energetika komplekslariga, shuningdek, Dnepropetrovsk, Poltava, Cherkass va Chernigov viloyatlaridagi harbiy aviabaza infratuzilmalariga qaratilgan.
Urush davom etayotgan bir paytda tomonlarning da’volarini mustaqil manbalar orqali zudlik bilan tasdiqlash imkonsiz bo‘lib qolmoqda.

















