DUNYO
2 daqiqa o'qish
Isroil Iroq hududida Eronga qarshi operatsiya uchun maxfiy harbiy punkt barpo etdi
Iroq va mintaqaviy rasmiylar Isroil bir yildan ortiq vaqt davomida Iroq ichidagi maxfiy inshootlardan vaqti-vaqti bilan foydalanib kelayotganini ma'lum qildi.
Isroil Iroq hududida Eronga qarshi operatsiya uchun maxfiy harbiy punkt barpo etdi
Iroq janubi-g'arbidagi Najaf cho'lida Isroil kuchlari tomonidan zarba berilgani aytilayotgan vayron qilingan pikap atrofida to'plangan erkaklar. (Foto: ARXIV) / AFP

Isroil Eronga qarshi amaliyotlar uchun Iroq g‘arbida ikki maxfiy harbiy punkt barpo etgan.

„The New York Times“ nashrining nufuzli manbalarga tayanib xabar berishicha, Isroil Eronga qarshi harbiy amaliyotlarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida Iroqning gʻarbiy choʻl hududida ikki maxfiy harbiy obʼekt tashkil qilgan.

Maxfiy punktlarning vazifasi nima boʻlgan?

Gazetaning Iroq va mintaqadagi rasmiy shaxslarga tayanib yozishicha, yaqinda fosh boʻlgan ushbu obʼekt Isroil tomonidan bir yildan ortiq vaqt davomida vaqti-vaqti bilan foydalanib kelingan ikki maxfiy bazadan biridir.

Rasmiylarning bildirishicha, ushbu maxfiy punktlar:

  • Harbiy aviatsiyani qoʻllab-quvvatlash (havo yordami);

  • Yoqilgʻi toʻldirish (zapravka);

  • Shoshilinch tibbiy xizmat koʻrsatish maqsadlarida ishlatilgan.

Shuningdek, ushbu obʼektlar 2025-yilning iyun oyida Eron va Isroil oʻrtasida sodir boʻlgan 12 kunlik urush davomida ham strategik rol oʻynagani aytilmoqda.

Choʻponning oʻlimi va maxfiy bazaning fosh boʻlishi

Maxfiy punktlardan birining fosh boʻlishiga joriy yilning mart oyida Al-Nuxaib mintaqasi yaqinida gʻayrioddiy harbiy harakatlarga duch kelgan iroqlik choʻpon Avad al-Shammari sabab boʻlgan. Choʻlda harbiylarga qarashli vertolyotlar, chodirlar va vaqtinchalik uchish-qoʻnish yoʻlagini koʻrib qolgan choʻpon bu haqda zudlik bilan mahalliy hokimiyat organlarini ogohlantirgan.

Xabarda aytilishicha, ushbu hodisadan koʻp oʻtmay choʻpon Al-Shammari oʻlik holda topilgan. Hududni tekshirish uchun yuborilgan Iroq xavfsizlik kuchlari ham nomaʼlum harbiylar tomonidan oʻqqa tutilgan; oqibatda bir iroqlik askar halok boʻlgan, yana ikki nafari jarohatlangan.

Qayd etish joizki, joriy oy boshida „The Wall Street Journal“ nashri ham Isroilning aynan shu mintaqada maxfiy harbiy obʼekt qurgani haqida xabar tarqatgan edi.

Rasmiy Bagʻdodning munosabati: Inkor va shubhalar

„Anadolu“ agentligiga bayonot bergan Iroq xavfsizlik xizmatining yuqori martabali mulozimi mamlakat gʻarbidagi choʻllarda Isroil harbiy faolligi mavjudligi haqidagi daʼvolarni „soxta“ deb rad etdi.

Biroq, shu bilan birga, rasmiy vakil oʻtgan mart oyida Al-Nuxaib choʻl hududida Iroq harbiylari haqiqatan ham „nomaʼlum havo operatsiyasi“ga duch kelganini va oʻsha vaziyat joyning oʻzida hal etilganini ham qoʻshimcha qildi.