Dmitriy Peskov Rossiyaning Turkiy davlatlar tashkilotiga (TDT) aʼzo bo‘lishiga oid bayonot berdi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jo‘mart Toqayevning Rossiyaning ham tashkilotga aʼzo bo‘lishi yuzasidan tegishli choralar ko‘rilishi kerakligi haqidagi fikrini baholagan Peskov, Rossiyaning TDT ishlarida ishtirok etishi mantiqli bo‘lishini taʼkidladi.
Rossiyada turkiy xalqlar yashaydigan ko‘plab hududlar borligiga eʼtibor qaratgan Peskov: "Rossiyaning Turkiy davlatlar tashkiloti ishlarida ishtirok etishi mantiqli bo‘ladi. Bu o‘rinda gap Rossiyaning muayyan hududlari emas, balki yaxlit Rossiyaning qatnashishi haqida bormoqda", dedi.
Peskov hozircha ushbu masala bo‘yicha rasmiy taklif olmaganliklarini bildirib, bu mavzu Qozog‘iston bilan o‘tkaziladigan muloqotlarda kun tartibiga chiqishini qayd etdi.




























