Eron Prezidenti Mesud Pezeshkiyan Vashington ma’muriyati vaqtinchalik kelishuvdagi majburiyatlarini bajaradigan bo‘lsa, Tehron ham bunga javob qaytarishini bildirdi.
Eron Prezidentligi tomonidan berilgan ma’lumotga ko‘ra Pezeshkiyan Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari sammitida mintaqadagi oxirgi voqealar haqida so‘z yuritdi.
Pezeshkiyan AQShning 28 - fevraldan buyon Eronga qarshi davom etayotgan hujumlarini «ShHT a’zosi va qadimiy sivilizatsiyaga» qilingan hujum deb baholadi.
Pokiston va Qatar o‘rtamchiligida qariyb uch oy davom etgan muzokaralardan so‘ng iyun oyida «Islomobod anglashuv memorandumi» nomi bilan tanilgan kelishuvga erishilganini yodga solgan Pezeshkiyan Vashington ma’muriyati o‘z majburiyatlarini bajarmayotganidan noroziligini bildirdi.
Eron Prezidenti AQShning o‘z prezidenti imzolagan ushbu hujjatga amal qilishi ikki haftaga ham yetmagani, shundan so‘ng AQSh tomonidan haddan tashqari talablar ilgari surila boshlanganini ifoda etdi. U AQSh o‘z majburiyatlarini buzganidan so‘ng Eron «mutanosib javob» berganini ta’kidladi.
Pezeshkiyan: «Agar AQSh o‘z majburiyatlariga qaytsa, Eron Islom Respublikasi ham darhol qadam tashlaydi», — dedi.
«Voqealar butun mintaqaga tahdid solmoqda»
Eron Prezidenti Pezeshkiyan Eron, Livan, G‘azo va G‘arbiy Sohilda so‘nggi davrda yuz berayotgan voqealar xalqaro huquq qoidalariga e’tibor bermaslik, shuningdek, kuch va bosimga asoslangan yondashuvlarning davom etishi nafaqat mazkur hududlar xavfsizligiga, balki butun mintaqa va dunyo barqarorligiga ham tahdid solayotganini qayd etdi.





















