Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan Rossiya bilan Ukrainaning Qora dengizda bir - biriga qarshi uyushtirgan hujumlari kuchayib borayotgani, bu holat dengiz xavfsizligiga bo‘lgan tahdidlarni oshirayotgani, yuzaga kelayotgan beqarorlik esa mintaqadan tashqariga yoyilishi va hatto Yevropaning kengroq hududlariga ta’sir ko‘rsatish ehtimoli borligini qayd etdi.
«TRT World»ga bergan maxsus intervyusida Hakan Fidan so‘nggi haftalarda Turkiya bu voqealardan bevosita ziyon ko‘rgani, har ikki tomon ham savdo kemalarini nishonga olayotgani va insonsiz havo transportlari Turk havo sohasiga kirib borganini ta’kidladi. U, shuningdek, shunga o‘xshash hodisalar Ruminiya va Bolgariya kabi qo‘shni davlatlarga ham ziyon yetkazayotganini ifoda etdi.
Turkiya Tashqi Ishlar vaziri mavzu haqida shuningdek: «So‘nggi haftalarda katta ziyon ko‘rdik. Har ikki tomon ham kemalarni nishonga oldi va endilikda insonsiz havo transportlari nafaqat urush tarafdorlari samosi ustida, balki bizning hududimiz ichida ham uchib yuribdi», - dedi.
Hakan Fidan Qora dengizdagi xavfsizlik xatarlari bir necha yil avval boshlangani, ba’zilari Istanbul bo‘g‘ozigacha yetib kelgani va vaqti - vaqti bilan strategik ahamiyatga ega bo‘g‘ozlardan o‘tadigan dengiz qatnovi uchun jiddiy tahdid tug‘dirgan dengiz minalari bilan bog‘liq boshlanganini ma’lum qildi. Fidan o‘z so‘zida shuningdek: «Bir payt kelib, vaziyat shunchalik xavfli bo‘lib ketdiki, kemalar harakati butunlay to‘xtab qolishi mumkin edi», - degan ifodalarga o‘rin berdi.
Hakan Fidan Turk Qurolli kuchlari, ayniqsa Ruminiya va Bolgariya bilan birgalikda, ortib borayotgan dengizchilik va xavfsizlik xatarlarini boshqarish niyatida mintaqadagi hamkorlar bilan birgalikda ishlayotganini qo‘shimcha qildi. Biroq, faqatgina harbiy muvofiqlashtirish bilan vaziyatni hal etib bo‘lmasligini ham alohida ta’kidladi.
«Bu muammolarning barchasini tugatishning eng qisqa yo‘li — o‘t ochishni to‘xtatishga erishishdir», - degan Fidan, Anqara mojaroni to‘xtatishga qaratilgan sa’y - harakatlarni to‘liq qo‘llab - quvvatlashini bildirdi.
Hakan Fidan davom etayotgan keskinlashuv keng ko‘lamli oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirib, shunday dedi: «Mintaqaviy keskinlashuv juda xavfli va faqat shu hudud bilan cheklanib qolmasligi mumkin. Uning, Yevropaning turli hududlariga ham tarqalishi ehtimoli bor».
Avvalroq Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdo‘g‘an Rossiya – Ukraina urushi davomida Qora dengizda savdo va harbiy bo‘lmagan kemalariga qarshi uyushtirilgan hujumlar hech kimga foyda keltirmasligi va dengiz xavfsizligiga tahdid solayotganini qayd etgan edi. U Turkiya har ikki tomonni ochiqchasiga ogohlantirgani va Anqara mojaroni Qora dengizga yoyilishini oldini olish maqsadida Montro konvensiyasini qat’iy qo‘llayotganini ta’kidlagan.
Turkiya Tashqi Ishlar vaziri Hakan Fidan bergan intervyuning to‘liq shakli 18 - dekabr, payshanba kuni GMT vaqti bilan soat 09:00 da faqatgina «TRT World» telekanalida efirga uzatiladi.



















