Turkiya Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an "Yuqori texnologiyalar sohasida Koreya bilan hamkorlikka katta ahamiyat beramiz", dedi.
Janubiy Koreya Prezidenti Li Chje Myonning taklifiga binoan ushbu mamlakat poytaxti Seulda bo‘lib turgan Erdo‘g‘an, hayʼatlar o‘rtasidagi muzokaralardan so‘ng o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida nutq so‘zladi.
Turkiya va Janubiy Koreya o‘rtasidagi tarixiy do‘stlik poydevori bundan 76 yil muqaddam Koreya urushida turk askarlarining Koreya mustaqilligi yo‘lida ko‘rsatgan fidoiyligi bilan qo‘yilganini eslatgan Erdo‘g‘an, o‘zaro muloqotlar ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni dinamik va kelajakka yo‘naltirilgan tarzda yanada rivojlantirishini taʼkidladi.
Mezbon Li bilan o‘tkazilgan muzokaralarda iqtisodiy va savdo aloqalari ustuvor kun tartibi bo‘lganini qayd etgan Prezident Erdo‘g‘an, yadro energetikasi hamda tog‘-kon sanoati ham muhim yo‘nalishlardan biri bo‘lganini aytdi.
Erdo‘g‘an: "Ayniqsa akkumulyatorlar ishlab chiqarish, sunʼiy intellekt va yarim o‘tkazgichlarni o‘z ichiga olgan ko‘plab yuqori texnologiyalar sohalarida Koreya bilan hamkorlikka katta ahamiyat beramiz. Maʼlumki, mudofaa sanoati strategik sherikligimiz amaliy natijalar berayotgan yetakchi sohalardan biridir. Muhtaram Prezident bilan uchrashuvimizda Fırtına gaubitsalari va Altay tanki kabi muvaffaqiyatli qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish zarurligiga eʼtibor qaratdik", dedi.
Prezident Erdo‘g‘an: "Xalqaro masalalar bo‘yicha qarashlarimiz katta xilma-xillikka ega emas, aksincha bir-biriga mos keladi. Koreya yarimorolida mustahkam tinchlik va barqarorlik o‘rnatishga qaratilgan muloqotga asoslangan yondashuvni qo‘llab-quvvatlaymiz", deya taʼkidlab, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, MIKTA va G20 kabi ko‘p tomonlama platformalardagi hamkorlikni butun insoniyat manfaati yo‘lida yanada yuqori bosqichga olib chiqishda qatʼiy ekanliklarini bildirdi.





















