TURKIYA
4 daqiqa o'qish
Erdo’g‘anning Ar-Riyod safari va Turkiya-Saudiya aloqalari
Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo’g‘an ikki tomonlama savdo va mudofaa sohasidagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon bilan uchrashish uchun Ar-Riyodga tashrif buyurmoqda.
Erdo’g‘anning Ar-Riyod safari va Turkiya-Saudiya aloqalari
Mudofaa hamkorligi ikki tomonlama munosabatlarning markaziy tayanchiga aylandi. [Arxiv fotosi] / AA
2 феврал 2026

Siyosiy aloqalarning mustahkamlanishi Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik va savdoni kuchaytirish bilan birga, mintaqaviy barqarorlikka ham hissa qo‘shmoqda. Yaqin Sharqning ikki muhim ishtirokchisi bo‘lgan Turkiya va Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda o‘zaro oliy darajadagi tashriflarning ortishi bilan uzoq yillik munosabatlarini yanada chuqurlashtirdi. Prezident Rajab Toyyib Erdo’g’an seshanba kuni Saudiya Arabistoniga navbatdagi tashrifini amalga oshiradi. Erdo’g‘anning Ar-Riyoddagi Al-Yamama saroyida Valiahd shahzoda Muhammad bin Salmon tomonidan rasmiy marosim bilan kutib olinishi kutilmoqda. Tashrif doirasida Turkiya Savdo vazirligi va Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashi (DEIK) tomonidan "Saudiya Arabistoni–Turkiya biznes forumi" tashkil etiladi. Safar oldidan Saudiya Arabistoni Vazirlar Mahkamasi o‘tgan haftada qayta tiklanadigan energiya va fuqarolik mudofaasi sohalarida Turkiya bilan kelishuvlarni yakunlash uchun tegishli idoralarga vakolat berdi va ijtimoiy xizmatlar sohasidagi hamkorlik bo‘yicha anglashuv memorandumini tasdiqladi.

Asrlik aloqalar tarixi 1929-yilda Do‘stlik shartnomasi imzolanishi bilan diplomatik aloqalar o‘rnatgan Turkiya va Saudiya Arabistoni, Islom hamkorlik tashkiloti (IHT) kabi mintaqaviy tashkilotlar va oliy darajadagi tashriflar orqali qariyb bir asr davomida mustahkam aloqalar o‘rnatti. Ikki tomonlama munosabatlar diplomatik tashriflar bilan kuchayib borar ekan, o‘sha davrdagi Saudiya Qiroli Faysal bin Abdulaziz al-Saud 1966-yilda musulmon davlatlari o‘rtasida birlashish harakatlari doirasida Turkiyaga tashrif buyurdi. Eron-Iroq urushi paytida esa umumiy manfaatlar asosida yangi yaqinlashuv davri boshlandi; o‘sha paytda Turkiya Prezidenti Kenan Evren ham Saudiya Arabistoniga safar qildi. 2003-yil 11-oktabrda Jiddada Saudiya Savdo va sanoat palatalari bilan imzolangan shartnoma bilan DEIK qoshida Turkiya-Saudiya Arabistoni Ishbilarmonlar kengashi tashkil etildi. Qirol Abdulla bin Abdulaziz al-Saud 2006-yil 8-avgustda 50 dan ortiq tadbirkor bilan Turkiyaga keldi; bu Turkiyaga 40 yillik tanaffusdan keyin qirol darajasida amalga oshirilgan ilk tashrif bo‘ldi. Shuningdek, turli sohalarda iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirish maqsadida Qo‘shma iqtisodiy komissiya (OEK) tuzish to‘g‘risida protokol imzolandi.

Savdo va iqtisodiy ko‘rsatkichlar Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi yaqin munosabatlar o‘zaro savdoda ham o‘z aksini topmoqda. Daromadlarining 85-90 foizini neftdan oladigan Saudiya Arabistoni Turkiyaga xom neft va neft-kimyo mahsulotlari eksport qiladi, Turkiyadan esa gilam, qurilish uchun ishlov berilgan toshlar, tamaki mahsulotlari, oziq-ovqat va mebel kabi turli tovarlarni import qiladi. Turkiya Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024-yilda ikki tomonlama savdo hajmi 8 milliard dollarga yetdi.

Mudofaa va harbiy hamkorlik Diplomatik va tijoriy aloqalarning rivojlanishi harbiy hamkorlikka ham ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. ASELSAN 2015-yil iyul oyida mudofaa elektronikasida hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Qirol Abdulaziz nomidagi fan va texnologiyalar markazi hamda TAQNIA DST bilan anglashuv memorandumini imzoladi. ASELSAN mahsulotlari Saudiya idoralari ehtiyojlarini qondira olishi tasdiqlangach, 2016-yilda hamkorlik shartnomasi imzolandi. ASELSAN va TAQNIA DST sherikligida tashkil etilgan Saudiya mudofaa elektronikasi kompaniyasi (SADEC) ikki davlat o‘rtasidagi eng muhim loyihalardan biri hisoblanadi. Harbiy dronlar ishlab chiqaruvchisi Baykar ham 2023-yil iyul oyida Saudiya Arabistoni Mudofaa vazirligi bilan "Bayraktar AKINJI" qurolli uchuvchisiz uchish apparati (SİHA) eksporti va hamkorligi bo‘yicha shartnoma imzoladi. Bu kelishuv Turkiya tarixidagi eng yirik mudofaa va aviatsiya eksport shartnomasi sifatida qayd etildi.

Mintaqaviy tinchlik va barqarorlik Mintaqaning muhim harbiy va iqtisodiy kuchlari bo‘lgan Turkiya va Saudiya Arabistoni so‘nggi yillarda siyosiy va diplomatik aloqalarning mustahkamlanishi bilan mintaqaviy siyosatda muhim muvaffaqiyatlarga erishdi. Anqara va Ar-Riyod to‘qnashuv o‘rniga nazorat qilinadigan raqobat va hamkorlik asosida muvozanatni saqlab, Falastin, Suriya, Sudan, Somali va Yamandagi inqirozlarda IHT va BMT kabi tashkilotlar orqali faol pozitsiya ko‘rsatdi. Isroilning 2023-yil oktabr oyida G‘azoga qarshi boshlagan urushidan so‘ng, Turkiya va Saudiya Arabistoni Falastin masalasida o‘z pozitsiyalarini muvofiqlashtirdi; har ikki davlat "ikki davlatli yechim"ni qo‘llab-quvvatlash va kelajakdagi siyosiy kelishuvda birgalikda rol o‘ynash borasida yakdil ekanliklarini namoyish etdi.

Bundan tashqari, 2024-yil dekabr oyida Bashar Asad rejimi ag‘darilgan Suriyada ichki tinchlik va barqarorlikni ta’minlash uchun boshqa mintaqa davlatlari bilan kuchli hamkorlik qilindi. Ahmad Shara boshchiligidagi yangi ma’muriyatni qo‘llab-quvvatlagan holda, Turkiya va Saudiya Arabistoni hukumatlari Suriyani qayta tiklash jarayoniga hissa qo‘shadigan xalqaro sanksiyalarni bekor qilishda muhim rol o‘ynadi. Shuningdek, har ikki davlat Yamandagi uzoq yillik ichki nizolar, Sudan va Somalidagi inqirozlarda insonparvarlik yordami va diplomatik ko‘mak orqali barqarorlik tarafdori ekanliklarini ko‘rsatib kelmoqda.