AQSh Prezidenti Donald Tramp shanba kuni (17.01.2026) bergan bayonotida Grenlandiya bilan bog‘liq “milliy xavfsizlik” sabablarini ilgari surib, sakkizta Yevropa davlatidan import qilinadigan mahsulotlarga nisbatan 1 - fevraldan boshlab yangi bojxona bojlar joriy etilishini, iyun oyida esa bu stavkalar keskin oshirilishini ma’lum qildi.
Tramp Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida Daniya, Norvegiya, Shvetsiya, Fransiya, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya va Finlandiyadan olib kiriladigan mahsulotlarga kelasi oy 10 foiz bojxona boji qo‘llanilishini; 1 - iyundan esa bu ko‘rsatkich 25 foizga yetkazilishini bildirdi. U mazkur choralar “Grenlandiyani to‘liq va shartsiz sotib olish” bo‘yicha kelishuvga erishilgunga qadar amal qilishini o‘z so‘ziga ilova etdi.
AQShning milliy xavfsizligi
Tramp uzoq vaqtdan beri AQSh Grenlandiyani Daniyadan o‘z nazoratiga olishi kerakligini ta’kidlab keladi va muxtor Arktika hududi Vashington uchun “milliy xavfsizlik” nuqtayi nazaridan zarur ekanini ilgari suradi.
“Jahon tinchligi xavf ostida. Xitoy va Rossiya Grenlandiyani istayapti, Daniyaning esa bunga to‘sqinlik qiladigan qudrati yo‘q”, - degan Tramp; AQSh Daniya va boshqa mamlakatlar bilan muzokaralarga ochiq ekani ammo “global tinchlik va xavfsizlik”ni ta’minlash uchun “qat’iy choralar” zarurligini ta’kidladi.






















