SIYOSAT
3 daqiqa o'qish
Eron: Farzandlaringizni Isroil uchun yollanma askar bo‘lishiga yo'l qo'ymang!
Eron TIV rasmiysi "Jerusalem Post" gazetasidagi maqolani tilga oldi. Unda talabalik va iste'mol qarzlaridan xalos etish evaziga, Eron yerlariga bostirib kirish uchun bir milliondan ziyod yosh amerikalikni harbiy xizmatga jalb etish masalasi himoya qi
Eron: Farzandlaringizni Isroil uchun yollanma askar bo‘lishiga yo'l qo'ymang!
Eron rasmiysi AQShning Eronga qarshi urushini Isroil tomonidan ilgari surilgan, istalmagan «ixtiyoriy urush» deb taʼriflamoqda. / Reuters

Eron Tashqi ishlar vazirligi (TIV) rasmiy vakili Ismoil Baqoiy oddiy amerikaliklarni o‘z farzandlarini Isroil manfaatlari yo‘lida qurbon bo‘ladigan "yollanma askarlar"ga aylantirishga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi. Ushbu keskin bayonot Isroilning The Jerusalem Post nashrida e’lon qilingan shov-shuvli tahliliy maqoladan so‘ng yangradi. Maqola muallifi AQSh hukumatini talabalik kreditlari va moliyaviy qarzlardan bosim dastagi sifatida foydalangan holda, yosh amerikaliklarni Eronga qarshi quruqlikdagi bosqinga safarbar qilishga chaqirgan edi.

"Amerikaliklar, o‘zingizga bir savol bering: Nega sizning o‘g‘il-qizlaringiz qarzdan qutulish evaziga Isroil o‘zi boshlagan va kengaytirmoqchi bo‘layotgan urushda jang qilib, halok bo‘lishi kerak?" — deb yozdi Ismoil Baqoiy juma kuni o‘zining X (sobiq Twitter) sahifasida.

Eron TIV vakili amerikalik tahlilchi E.J. Jafning (A.J. Jaff) maqolasiga munosabat bildirgan. Unda talabalik va kredit karta qarzlarini kechish orqali yuz minglab yosh amerikaliklarni Eronga ehtimoliy quruqlikdagi hujumga jalb qilish rejasi taklif etilgan.

"«The Jerusalem Post» gazetasidagi maqolada dahshatli bir g‘oya ochiqchasiga ilgari surilmoqda: talaba kreditlari va moliyaviy qarzdorlikdan foydalanib, amerikaliklarni Eron bilan urushga sudrash. Bu sizning hayotingiz, sizning soliqlaringiz, lekin boshqalarning urushi! Hech kimning sizni o‘zingiz tanlamagan urush uchun go‘sht maydalagichga otishiga va hamyoningizni bo‘shatishiga yo‘l qo‘ymang", — deya ta’kidladi Baqoiy va hech kim farzandlarni begona davlatning "tajovuzkor urushi" uchun yollanma askarga aylantira olmasligi kerakligini qo‘shimcha qildi.

"Hisob-kitoblar to‘g‘ri kelmayapti"

Tehronning bunday keskin munosabatiga AQShning hozirgi harbiy salohiyati Eronga qarshi keng ko‘lamli amaliyot o‘tkazish uchun yetarli emasligi haqidagi tahlillar sabab bo‘ldi. Maqola muallifi Jaf ixtiyoriy safarbarlikni rag‘batlantirish uchun AQSh tarixidagi harbiy imtiyozlar tizimiga (GI Bill) o‘xshash yangi qarz yengilligi dasturini joriy etishni maslahat bergan. U oylardan beri davom etayotgan shiddatli havo hujumlari Eronning harbiy qudratini sindira olmagani va quruqlikdagi bosqin uchun ancha yirik armiya kerakligini yozadi.

"Safarbar qilingan harbiy xizmatchilar soni Eronni quruqlikdan bosib olish uchun zarur bo‘lgan ko‘rsatkichdan ancha past. Eronning 31 ta viloyat qo‘mondonligi va uning o‘ziga xos mudofaa doktrinasiga qarshi muvaffaqiyatli quruqlik kampaniyasini olib borish uchun 750 mingdan 1,5 milliongacha amerikalik askar talab etiladi. AQSh armiyasining ayni paytdagi faol tarkibi esa qariyb 452 ming kishini tashkil etadi. Ko‘rinib turibdiki, hisob-kitoblar to‘g‘ri kelmayapti", — deyiladi maqolada.

Muallifning qayd etishicha, 18 yoshdan 34 yoshgacha bo‘lgan o‘rtacha amerikalik yoshlarning talaba, avtokredit va kredit kartalari bo‘yicha ipotekadan tashqari qarzi 40 mingdan 100 ming dollargacha yetadi. Pentagon uchun aynan mana shu qatlam asosiy nishon hisoblanadi. Bugungi kunda AQSh aholisining qariyb 77 foizi (250-260 million kishi) qarz majburiyatlariga ega bo‘lib, mamlakatdagi uy xo‘jaliklarining umumiy qarzi rekord darajadagi 18,8 trillion dollarni tashkil etmoqda. AQShda har bir voyaga yetgan fuqaroga o‘rtacha 63,500 dollar qarz to‘g‘ri keladi.

"Kalmar o‘yini" va mintaqadagi keskin vaziyat

Ismoil Baqoiy o‘z postiga mashhur "Kalmar o‘yini" (Squid Game) serialiga ishora qiluvchi satirik mem ilova qildi. U orqali taklif etilayotgan harbiy safarbarlikni Isroil boshqarayotgan qonli o‘yin sifatida tasvirladi va oddiy amerikaliklar o‘z hayoti hamda soliqlari bilan bu urushni moliyalashtirmasligi kerakligini uqtirdi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 28-fevralida AQSh Eronga qarshi harbiy amaliyotlarda Isroilga qo‘shilgan edi. Ushbu hujumlar natijasida Eron oliy yetakchisi Oyatulloh Ali Xomanaiy va ko‘plab yuqori martabali rasmiylar halok bo‘ldi, shuningdek, yuzlab tinch aholi qurbon bo‘ldi.

Bunga javoban Tehron dunyo neftining beshdan bir qismi o‘tadigan strategik Hormuz bo‘g‘ozi ustidan nazoratni o‘rnatdi hamda Fors qo‘ltig‘idagi AQSh ittifoqchisi bo‘lgan arab monarxiyalariga raketa va dronlar bilan zarba berdi. Bu esa neftga boy ushbu mintaqadagi barqarorlik va xavfsizlik tizimiga jiddiy zarba bo‘ldi.

Vashington va Tehron 18-iyun kuni Pokiston vositachiligida Hormuz bo‘g‘ozida kemalar qatnovi erkinligini ta’minlash bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumini imzolagan bo‘lsa-da, bo‘g‘ozdagi xavfsizlik tartib-qoidalari borasidagi jiddiy kelishmovchiliklar tufayli ushbu hujjatni hayotga tatbiq etish jarayoni to‘xtab qolgan.