SIYOSAT
2 daqiqa o'qish
Yevropa Ittifoqi Suriya bilan hamkorlik shartnomasini qayta tiklamoqchi
Yevropa Ittifoqi Suriya Ichki ishlar va Mudofaa vazirlariga nisbatan sanksiyalarni bekor qildi.
Yevropa Ittifoqi Suriya bilan hamkorlik shartnomasini qayta tiklamoqchi
Kengashga ko‘ra, kelishuvni qayta tiklash blokning Suriyada “tinch va inklyuziv o‘tish jarayoni”ni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan kengroq siyosatining bir qismidir. / AP

Yevropa Ittifoqi Damashq bilan munosabatlarni kengaytirish strategiyasi doirasida Suriya Ichki ishlar va Mudofaa vazirlariga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlarni bekor qilishga kelishib oldi.

“Biz, shuningdek, Suriyaning ichki ishlar va mudofaa vazirlariga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishga qaror qildik”, — deya ma’lum qildi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Kaja Kallas dushanba kuni Bryusselda o‘tgan Yevropa Ittifoqi Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishidan so‘ng.

Kallasning qo‘shimcha qilishicha, ushbu qaror Bashar Asad davrida yillar davomida to‘xtab qolgan siyosiy jarayonlarni qayta tiklash va mamlakatdagi demokratik o‘tish davrini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan sa’y-harakatlarning bir qismidir.

Yevropa Ittifoqi vazirlari, shuningdek, ilgari qisman to‘xtatib qo‘yilgan "Yevropa Ittifoqi–Suriya Hamkorlik bitimi"ni to‘liq tiklash hamda Suriya vakillari bilan yuqori darajadagi siyosiy muloqotni boshlashga rozilik bildirdilar.

Yevropa Ittifoqining Suriyani qayta tiklashga sodiqligi

Eslatib o‘tamiz, 2011-yilda joriy etilgan va 2012-yilda Asad rejimi tomonidan inson huquqlari buzilishi ortidan kengaytirilgan cheklovlar Suriya eksportiga, jumladan, neft, neft mahsulotlari, oltin, qimmatbaho metallar va olmos savdosiga taalluqli edi.

“Mazkur qaror Yevropa Ittifoqining Suriya bilan qayta aloqa o‘rnatish va uning iqtisodiy tiklanishini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha aniq siyosiy signalidir”, — deyiladi Yevropa Ittifoqi Kengashi bayonotida.

Kengash ta’kidlashicha, cheklovlarga sabab bo‘lgan shart-sharoitlar “hozirda mavjud emas”. Bu holat 2024-yil dekabr oyida Asad rejimining ag‘darilishi va joriy yil boshida Yevropa Ittifoqi tomonidan Suriyaga qarshi iqtisodiy sanksiyalarning (xavfsizlik nuqtayi nazaridan saqlab qolingan ayrim bandlar mustasno) bekor qilinishi bilan bog‘liq.

Bayonotda qayd etilishicha, hamkorlik bitimining tiklanishi blokning Suriyada “tinch va inklyuziv o‘tish jarayoni”ni qo‘llab-quvvatlash hamda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish borasidagi keng ko‘lamli strategiyasining muhim qismi hisoblanadi.