Niderlandiyaning De Volkskrant gazetasida chop etilgan, G‘azodagi yosh bolalarning maqsadli ravishda nishonga olinganini fosh etuvchi puxta tergov maqolasi 2026-yilgi Yevropa matbuoti mukofotiga (European Press Prize) sazovor bo‘ldi. Bu qit’adagi eng nufuzli jurnalistika mukofotlaridan biri hisoblanadi.
Mukofotga loyiq ko‘rilgan ushbu maqola “Yaralar nima deydi?” deb nomlangan bo‘lib, u jurnalistlar Mod Effting (Maud Effting) va Villem Fenstra (Willem Feenstra) tomonidan tayyorlangan. Mualliflar 15 yoshgacha bo‘lgan 114 nafar bolaning bosh yoki ko‘krak qismidan bitta o‘q zarbasi bilan jarohatlangani bilan bog‘liq mudhish holatlarni hujjatlashtirishdi. Ushbu bolalarning aksariyati halok bo‘lgan yoki bir umrga og‘ir nogiron bo‘lib qolgan.
“Bu — o‘ta og‘ir va favqulodda sharoitlarda amalga oshirilgan yuksak jurnalistika namunasidir. G‘azo sektoriga mustaqil kirishning deyarli imkoni bo‘lmayotgan bir paytda, Effting va Fenstra shifoxonalar hamda klinikalarda xalqaro tibbiyot mutaxassislari tomonidan yuritilgan hisobotlar va hujjatlarga tayanib, nihoyatda qat’iy tergov olib borishgan”, — deyiladi Yevropa matbuoti mukofoti hakamlar hay’atining rasmiy bayonotida.
Jurnalistlar surishtiruv davomida aynan 15 yoshgacha bo‘lgan — ularning ko‘pchiligi hatto 3, 4 yoki 7 yoshdagi — bolalarga e’tibor qaratishni lozim topishgan. Chunki bu yoshdagi bolalarni tashqi ko‘rinishidan darhol va aniq voyaga yetmagan deb aniqlash mumkin.
“Tana a’zolarining aynan ushbu qismlariga tekkan yagona o‘q zarbalari bu bolalarning ataylab va ongli ravishda nishonga olinganidan dalolat beruvchi eng aniq ko‘rsatkichdir”, — deb yozadi mualliflar.
Gazeta tahririyati 2023-yilning oktyabr oyidan buyon G‘azodagi oltita shifoxona va to‘rtta klinikada faoliyat yuritgan AQSh, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Kanada va Niderlandiyalik 17 nafar shifokor hamda bir nafar hamshira bilan bog‘langan. Ulardan 15 nafari 15 yosh va undan kichik bo‘lgan, bosh yoki ko‘krak qismidan bitta o‘q yegan kamida 114 nafar bolani shaxsan davolaganini tasdiqlagan. Ushbu holatlar 2023-yil oxiridan 2025-yil o‘rtalarigacha bo‘lgan davrda 10 ta tibbiyot muassasasida qayd etilgan.
Suhbatdoshlardan biri — AQShlik travmatolog-jarroh Feroz Sidva (Feroze Sidhwa) 2024-yilning mart oyida G‘azodagi Yevropa shifoxonasidagi ilk ish kunlarini yodga oldi. Uning so‘zlariga ko‘ra, atigi 48 soat ichida shifoxonaga bosh qismidan bir xil ko‘rinishda jarohat olgan, yoshi 10 dan kichik bo‘lgan to‘rt nafar o‘g‘il bola olib kelingan.
“Qanday qilib mana shunday kichik shifoxonaga, qisqagina 48 soat ichida boshidan aniq o‘q yegan to‘rt nafar yosh bola kelishi mumkin?” — deydi jarroh gazeta bilan suhbatda. Keyingi 13 kun ichida u xuddi shunday yaralangan yana to‘qqiz nafar bolani davolashga majbur bo‘lgan.
So‘ralgan shifokorlar bunday jarohatlarning tasodifiy bo‘lishi ehtimoldan mutloq yiroq ekanini ta’kidlamoqdalar. Gazeta murojaat qilgan sud-tibbiyot ekspertlari ham ushbu bir xil xarakterdagi jarohatlar rejaviy va maqsadli otishmalar, katta ehtimol bilan snayperlar yoki dronlar tomonidan amalga oshirilgan hujumlar natijasi ekanini tasdiqlashgan.


















