Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo’gʻan Qirgʻiziston poytaxti Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan VI Butunjahon koʻchmanchilar oʻyinlarining tantanali ochilish marosimida ishtirok etdi.
Prezident Erdo’gʻan turmush o’rtog’i Emine Erdo’gʻan hamrohligida, dushanba kuni ochilish marosimi boʻlib oʻtgan “Bishkek Arena” stadioniga tashrif buyurdi.
Turkiya yetakchisi va uning rafiqasini stadionda Qirgʻiziston Respublikasi Prezidenti Sadir Japarov va birinchi xonim Aygul Japarova iliq kutib oldi.
Oliy darajadagi uchrashuvda davlat rahbarlari qisqa muloqot oʻtkazib, xotira uchun suratga tushishdi. Shundan soʻng, Prezident Erdo’gʻan ochilish marosimini tomosha qilish uchun boshqa davlatlar yetakchilari qatoridan joy oldi.
Ishtirokchi delegatsiyalarning tantanali paradi davomida Rajab Toyyib Erdo’gʻan va Turkiya birinchi xonimi stadionga kirib kelgan Turkiya terma jamoasini oʻrinlaridan turib, qizgʻin olqishladilar.
Turkiyaning birinchi xonimi Emine Erdo’g’an oʻzining ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifasida qoldirgan bayonotida, Shanxay Hamkorlik Tashkiloti sammiti doirasidagi Bishkek tashrifi doirasida ushbu tantanali marosimda ishtirok etishdan mamnun ekanliklarini bildirdi.
Emine Erdo’gʻan oʻz postida: “Biz asrlarga borib taqalgan ildizlarga ega koʻchmanchi madaniyatining boyligiga hamda oʻtmishdan hozirgi kungacha yetib kelgan qadimiy anʼanalarning ulugʻvorligiga guvoh boʻldik”, – deya taʼkidladi.
Shuningdek, u Qirgʻiziston Respublikasini Mustaqilligining 35 yilligi munosabati bilan samimiy qutlab, doʻst va qardosh qirgʻiz xalqiga tinchlik, farovonlik va bardavom taraqqiyot tiladi.























