Kreml Rossiya, Xitoy va AQSH davlat rahbarlari ihtirokida shu oyning oxirida uch tomonlama uchrashuv o‘tkazish uchun Moskva, Vashington va Pekin o‘rtasida ishlar olib borilayotganini eʼlon qildi.
Seshanba kuni eʼlon qilingan xabarga ko‘ra, Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Financial Times gazetasiga bergan intervyusida: "Bunday uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda", — deb taʼkidladi.
Vashington, Pekin va Moskvadagi vaziyatdan xabardor manbalarga tayanib berilgan xabarda, rasmiylar 18–19-noyabr kunlari Xitoyning Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan Osiyo-Tinch okeani iqtisodiy hamkorligi (APEC) sammiti doirasida uchrashuv o‘tkazish bo‘yicha jiddiy muzokaralar olib borayotgani bildirildi.
Xabarda Xitoy Tashqi ishlar vazirligi Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Rossiya Prezidenti Vladimir Putin o‘rtasida uchrashuv o‘tkazish masalasida tegishli tomonlar bilan aloqada bo‘lib turgani qayd etilgan bo‘lsa-da, AQSH Prezidenti Donald Tramp ham ishtirok etadigan ehtimoliy uch tomonlama uchrashuv haqida to‘xtalib o‘tilmagan.
Shuningdek, uch taraf bu uchrashuvni birgalikda muhokama qilayotgani yoki Pekin Vashington va Moskva bilan alohida-alohida ikkitomonlama muzokaralar olib borayotgani hozircha aniq emasligi aytib o‘tildi.
Bundan tashqari, manbalar Xitoy uch tomonlama uchrashuvni o‘tkazish-o‘tkazmaslik bo‘yicha hali yakuniy qarorga kelmaganiga eʼtibor qaratdi.
Xabarda: "Muzokaralardan xabardor shaxs Vashington va Moskva Xitoyni shunday uchrashuvga rozilik berishi uchun undayotganini (tazyiq o‘tkazayotganini) bildirdi. Xitoy Tashqi ishlar vazirligi esa o‘tgan oyda bergan bayonotida ehtimoliy uch tomonlama sammit bo‘yicha 'hech qanday maʼlumotga ega emasligini' maʼlum qilgan edi", — deyiladi.
Kreml maslahatchisi Yuriy Ushakov o‘tgan oyda Putin, Tramp va Si o‘rtasida APEC sammiti doirasida bo‘lib o‘tishi mumkin bo‘lgan uchrashuv tomonlarning hech biri tomonidan istisno etilmaganini aytgan edi.
Ushakov 21-oktyabr kuni Sankt-Peterburgda Putin va AQSH maxsus vakili Stiv Vitkoff o‘rtasida o‘tkazilgan uchrashuvdan so‘ng jurnalistlarga bergan bayonotida "butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otgan" ushbu ehtimoliy uchrashuv mavzusi muzokaralar davomida muhokama qilinganini bildirdi.
Buning ortidan Peskov dushanba kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida jurnalistlarga bergan intervyusida Putinning APEC sammitidagi dasturi hali ham tayyorlanayotganini taʼkidladi va sammit doirasidagi ehtimoliy uch tomonlama uchrashuv bo‘yicha hozircha aniq bir maʼlumot yo‘qligini qo‘shimcha qildi.























