TURKIYA
5 daqiqa o'qish
Murat Kurum: Iqlim maqsadlari amaliyotga aylanishi kerak
COP31 sammiti xalqaro diplomatik kun tartibidan joy oldi. Sammit raisi Murat Kurumning bayonotlari esa jahon OAVida keng yoritilmoqda.
Murat Kurum: Iqlim maqsadlari amaliyotga aylanishi kerak
_

Turkiyaning Antaliya shahrida davom etayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi doiraviy konvensiyasi (UNFCCC) 31 - Tomonlar konferensiyasi (COP31) Turkiyaning faol diplomatiyasini yana bir bor namoyon etdi. COP31 raisi Murat Kurumning iqlim muammolariga qarshi kurashda «adolatli va samarali» yondashuv zarurligi haqidagi ta’kidlari jahon matbuotida keng yoritilmoqda.

Antaliyadagi COP31 maydonida joylashgan Media markaz dunyoning 190 dan ortiq mamlakatidan kelgan jurnalistlarni qabul qilmoqda. Ijtimoiy tarmoqlar va televideniye orqali iqlim masalasini jahon kun tartibiga olib chiqayotgan jurnalistlardan biri esa Becky Anderson bo‘ldi.

Xalqaro telejurnalistika sohasining yetakchi tashkilotlaridan biri bo‘lgan CNN telekanalining taniqli jurnalisti Becky Andersonga bergan intervyusida Murat Kurumning «Iqlim majburiyatlaridan aniq amaliy harakatlarga» degan yondashuvi xorijiy matbuot e’tiborini o‘ziga jalb etdi.

Turkiyaning iqlim muzokaralarida shu paytgacha berilgan majburiyatlarni aniq amaliy choralarga aylantirish va «Amaliyot COPi» tamoyiliga asoslangan yondashuvi Parij kelishuvi doirasida belgilangan maqsadlar bilan mamlakatlarning amaliy faoliyati o‘rtasidagi tafovutni qisqartirish borasida dunyoga umid bag‘ishladi.

Energetika transformatsiyasi: yetakchi mamlakatlar kelgusi davrda oldinga chiqadi

CNN International boshlovchisi Becky Andersonning: «Ko‘plab hukumatlar uzoq muddatli maqsadlarni ustuvor ahamiyatga ega bo‘lmagan masalalar deb hisoblashi, qisqa muddatli ustuvor vazifalarga esa ko‘proq e’tibor qaratayotgani hamda iqlim maqsadlariga erishish borasida fidoyilik va ishtiyoq yetishmayotgani rost emasmi?» - degan savoliga Kurum quyidagicha javob berdi:

«Mutlaqo to‘g‘ri. Aslida, ushbu imkoniyatdan foydalangan va yetakchilik qilgan mamlakatlar kelgusi davrda oldinga chiqadi. Bugun mamlakatlar, ehtimol, byudjet yoki ustuvor yo‘nalishlari sababli bu masalaga yetarlicha e’tibor qarata olmayotgandir yoki unga ko‘proq sarmoya kirita olmayotgandir. Ammo agar urushning sababi energiya bo‘lsa, mamlakatlar bu urushni davom ettirishni istaydimi yoki uni butunlay va doimiy ravishda yakunlashni xohlaydimi? Buni hal qilish kerak. Zero, mamlakat o‘z energiyasini mustaqil ravishda o‘zi ishlab chiqara boshlaganidan keyin bunday urushga kirishishiga hojat qolmayd».

«Biz global miqyosda maqsadlar va siyosiy irodani namoyon etmoqdamiz».

Kurum mamlakatlar iqlim o‘zgarishining vayronkor oqibatlariga qarshi maqsadlar belgilash va harakat qilish borasidagi qat’iyatini namoyon etishda kechikmasligi kerakligini ta’kidladi:

«Masalaning umumiy manzarasini ko‘rish kerak. Albatta, imkoniyatlar turlicha. Har bir mamlakatning boshlang‘ich sharoiti va ustuvor yo‘nalishlari ham har xil. Bularning barchasini hisobga olamiz. Ammo biz global miqyosda maqsadlarni belgilayapmiz. Ushbu maqsadlarga erishish uchun global miqyosda siyosiy irodamizni namoyon etyapmiz. Ishonch bilan ayta olamanki, bunga erishganimizda dunyo ancha yaxshi va xavfsizroq joyga aylanadi.

Bugun bu yo‘lda harakat qilayotgan mamlakatlar, shubhasiz, oldinga chiqmoqda. Nima uchun ular ishlab chiqarish, sanoat va bandlik sohalarida yetakchilik qilmoqda? Chunki bilim, texnologiya va tashabbus ularda.

Dunyo 1950 - yillarda sanoatlashdi. Ushbu sanoatlashuv jarayonini amalga oshirgan mamlakatlar bugun rivojlangan davlatlar deb atalmoqda. Bugun esa iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash doirasida dunyoning kelgusi 50 yilligi haqida gapiryapmiz. Agar mamlakatlar ushbu masalada yetakchilik qilsa, o‘z xalqining farovonligini ta’minlaydi. Aks holda, bugungi mavqeini ham sog‘inib qoladi».

«Qazilma yoqilg‘ilarning kelajagi yo‘q».

Kurum Andersonning «Qazilma yoqilg‘ilar kelgusi yillarda ham energetika balansining bir qismi bo‘lib qolishini tan olasizmi?» - degan savoliga quyidagicha javob berdi:

«Menimcha, kelajakda qazilma yoqilg‘ilar muhim energiya manbai bo‘lib qolmaydi. Nima uchun? Bugun qayta tiklanuvchi energiyani ishlab chiqarish xarajatlari bilan qazilma yoqilg‘ilar narxini solishtirsangiz, ular o‘rtasida deyarli ikki baravar farq bor. Ya’ni qayta tiklanuvchi energiya ikki baravar arzon.

Agar biror narsa arzonroq bo‘lsa, odamlar nima uchun qimmatini tanlashi kerak? O‘zingizning ehtiyojlaringizni qondirishda ham arzon va sifatli mahsulot talabingizni qondirsa, aynan shuni tanlaysiz, shunday emasmi? Qazilma yoqilg‘i esa alohida bir brend emas. Shu sababli insonlar o‘z ehtiyojini qondiradigan va arzonroq bo‘lgan energiya manbasini tanlaydi. Dunyo ham buni tanlashga majbur bo‘ladi.

Ilgari qayta tiklanuvchi energiyaning ming megavatt quvvatini yaratish qiymati million dollardan ortiq bo‘lgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 400 ming dollar atrofida. Xarajatlar yanada kamaymoqda, texnologiyalar esa rivojlanmoqda.

Elektr avtomobillari ilk bor ishlab chiqarilganida 300 kilometr masofani bosib o‘tgan bo‘lsa, bugun bu ko‘rsatkich 1 100 kilometrga yaqinlashmoqda. Demak, texnologiyalar bilan birga ushbu o‘zgarish va transformatsiya jarayoni ham davom etadi. Bu borada mamlakatlarni majburlashga hojat yo‘q. Bu jarayon tabiiy ravishda yuz beradi».

«Elektrifikatsiya — aniq maqsad».

Vazir Kurum bu o‘rinda COP31 doirasida 2035 - yilgacha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan amaliy maqsadlar, jumladan, global elektrifikatsiya darajasini 35 foizga yetkazish tashabbusining ahamiyatiga e’tibor qaratdi:

«Bu yerda eng muhimi, aniq maqsadlarni belgilashdir. Elektrifikatsiya — aniq maqsad. Nima uchun bu aniq maqsad? Agar 2035 - yilgacha butun dunyo bo‘ylab elektrifikatsiyaga erishsam, demak, qazilma yoqilg‘ilardan voz kechish jarayonini ham amalga oshirgan bo‘laman. Nima uchun? Chunki elektrifikatsiya elektr energiyasini toza energiya manbalaridan olishni anglatadi. Bu transport, sanoat va ishlab chiqarishda elektr energiyasidan foydalanish kengayishini, qazilma yoqilg‘ilar iste’moli esa kamayishini bildiradi.

Endi bu ikki farqni tushunyapsizmi? Bir tomondan, chiqish bo‘yicha yo‘l xaritasining mavjudligi juda muhim va qadrli. Ikkinchi tomondan esa aniq natijaga olib keladigan amaliy qadamlar bor. Biri daraxtdagi qush bo‘lsa, ikkinchisi qo‘ldagi qushdir. Shu sababli biz qo‘limizdagisiga e’tibor qaratamiz. Chunki u ancha qadrli va muhim.

Bugun dunyo qaror qabul qilishga majbur. Yoshlar va jamiyatlar bizdan shuni kutmoqda. Agar biz bu lavozimlarda o‘tirgan va bunday mas’uliyatni zimmasiga olgan bo‘lsak, o‘z vazifamizni bajarishimiz kerak.

COP31 raisligi sifatida biz ushbu boradagi qat’iyatimizni namoyon etamiz. Buni oxirigacha davom ettiramiz. Odamlar Antaliyadan qaytganlarida: ‘Ha, Antaliyada nimadir o‘zgardi. Bu yerda vaziyatning yomonlashib borishiga qarshi muhim qaror qabul qilindi’, - deb aytishlarini istaymiz.

Shu sababli biz harakatlar kun tartibiga alohida ahamiyat beramiz. Maqsadlarimizni muhim deb bilamiz. Aynan shuning uchun ham amaliyotga urg‘u bermoqdamiz».

«Antaliyada ishlar o‘zgardi», - dey oladigan COP raisligi biz uchun muvaffaqiyatdir».

Andersonning «10 kundan keyin siz uchun muvaffaqiyat aynan nimani anglatadi?» - degan savoliga Murat Kurum aniq javob berdi:

«Bu yerda qabul qilingan qarorlar sizning, mening va yoshlarning hayotida o‘zgarishlarga sabab bo‘lsa, bu biz uchun muvaffaqiyat bo‘ladi.

Agar fermer yetishtirayotgan mahsuloti hosildorligini oshira olsa, bu muvaffaqiyat bo‘ladi. Shaharlardagi barqarorlik va tabiiy ofatlarga chidamlilik darajasi oshsa, bu biz uchun muvaffaqiyatdir. Qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanish hajmi ko‘paysa, mamlakatlar bu borada qat’iy iroda namoyon etsa, bu ham muvaffaqiyat bo‘ladi. Agar xavfsizlikni yanada yaxshiroq ta’minlay olsak, bu ham muvaffaqiyatdir.

Bunday mezonlarni o‘nlab bandlar bo‘yicha sanab o‘tishimiz mumkin. Asl mohiyati shundaki, 20 kundan keyin Antaliyani tark etamiz. O‘shanda: ‘Ha, biz Antaliyada ushbu qarorlarni qabul qildik, Antaliyada ishlar o‘zgardi’, - dey olsak, bu COP raisligi sifatida biz uchun haqiqiy muvaffaqiyat bo‘ladi».