TURKIYA
2 daqiqa o'qish
TRT’ning "Kamalak fashizmi" hujjatli filmi LGBTQ propagandasining global ta’sirini tadqiq etmoqda
"Kamalak fashizmi" hujjatli filmi global LGBTQ+ lobbi tashkilotlarining faoliyati va ijtimoiy ta’sirini o‘rganadi.
TRT’ning "Kamalak fashizmi" hujjatli filmi LGBTQ propagandasining global ta’sirini tadqiq etmoqda
Germaniyadan AQShga, Buyuk Britaniyadan Niderlandiyaga qadar, u LGBTQ+ lobbilarining ommaviy axborot vositalari, akademiya va siyosatga hal qiluvchi ta'sirini tahlil qiladi. / TRT
9 соат олдин

TRT’ning xalqaro raqamli platformasi "tabii"da namoyish etilgan "Rainbow Fascism" (Kamalak fashizmi) nomli hujjatli film davrimizning eng bahsli va dolzarb mavzularidan biriga nisbatan tanqidiy nuqtayi nazarni taqdim etadi. Mutaxassislar fikrlari, ilmiy tadqiqotlar va 12 ta davlatdan olingan hayotiy hikoyalar bilan boyitilgan ushbu asar, dastlab "bag‘rikenglik" shiori ostida yuzaga kelgan harakatning vaqt o‘tishi bilan qanday qilib hukmron mafkuraviy tuzilmaga aylanganini tahlil qiladi. Olti qismdan iborat hujjatli film ta’limdan tortib ommaviy axborot vositalarigacha, huquqdan oila tuzilishigacha bo‘lgan ko‘plab sohalarda ta’sir o‘tkazayotgan global lobbi faoliyatlarini diqqat markaziga oladi.

Global qamalning anatomiyasi

12 ta turli davlatda suratga olingan va ikki yildan ortiq davom etgan sinchkovlikdagi izlanishlarga tayanadigan hujjatli film masalaning global ko‘lamini ko‘rsatib berishni maqsad qilgan. Germaniyadan AQSHgacha, Angliyadan Niderlandiyagacha cho‘zilgan hikoya, LGBTQ+ lobbi guruhlarining media, akademiya va siyosat ustidagi belgilovchi ta’sirini o‘rganadi.

Film ushbu tuzilmalarning shaxsiy tanlovlar bilan cheklanib qolmay, balki idoraviy bosim mexanizmlariga aylanganini ilgari suradi. Huquqiy va sotsiologik misollar bilan quvvatlangan hikoya, jamiyatlarning nima sababdan bu jarayonlarga qarshi chiqishda qiynalayotgani va so‘z erkinligining qanday qilib senzura bilan cheklanayotganini tahlil qiladi. Shiorlardan qochgan holda, ilmiy ma’lumotlar asosida olib boriladigan hujjatli film jarayonga yo‘nalish berayotgan global kuchlarning rollarini ham oshkor etadi.

Mutaxassislar fikrlari va hayotiy hikoyalar

Olti qismli hujjatli filmning har bir bo‘limi alohida bahsli mavzuga qaratilgan. "XX–XY" nomli bo‘limda jinsning biologik va ijtimoiy jihatlari turli qarashlar orqali ko‘rib chiqiladi.

"Arziydimi?" va "Aldov" nomli muhim bo‘limlar ijtimoiy jinsiy o‘zlikning qanday qilib marketing vositasiga aylantirilganini tadqiq etadi. O‘zlikning tovar sifatida foydalanilishi hamda iqtisodiyot bilan ushbu mafkura o‘rtasidagi murakkab aloqa hujjatli filmda "kamalak" ramzi atrofida shakllangan yirik bir sanoat sifatida talqin qilinadi.

Yosh avlodga ko‘rsatilayotgan ta’sirlarga e’tibor qaratilgan qismlarda "drag queen" madaniyati va mediadagi vakillik masalalari muhokama qilinar ekan, yuzaga kelayotgan o‘zlik chalkashliklari savol ostiga olinadi. Biologik haqiqat bilan ijtimoiy xatti-harakatlar o‘rtasidagi ziddiyat tibbiy, axloqiy va diniy nuqtayi nazarlardan ko‘rib chiqiladi. Ushbu bo‘limlar shaxsiy erkinlik nomi bilan ijtimoiy chegaralar qanday buzilayotgani va buning an’anaviy oila tuzilmalariga ko‘rsatayotgan kuchli salbiy ta’sirini muhokama qiladi.

Hujjatli film nafaqat bugungi kunni tahlil qilish bilan cheklanadi, balki o‘zlik siyosatining kelajakda egallashi mumkin bo‘lgan yo‘nalishlariga va inson tabiatiga nisbatan ehtimoliy aralashuvlarga ham e’tibor qaratadi. Shu orqali tomoshabinni bu jarayonlarning oxiri qayerga borishi haqida mulohaza yuritishga chorlaydi.