DUNYO
4 daqiqa o'qish
Tramp Eron energiya inshootlariga hujumlarni oʻn kunga toʻxtatdi
Tramp AQSHning urushni tugatish taklifini Eron "bir tomonlama va nohaq" deb rad etganiga qaramay, muzokaralardagi siljishni olqishladi.
Tramp Eron energiya inshootlariga hujumlarni oʻn kunga toʻxtatdi
Tramp Eron muzokaralarda ezgu niyat belgisi sifatida 10 ta neft tankerini Hormuz boʻgʻozidan oʻtkazishini taklif qildi. / AFP
27 март 2026

AQSH prezidenti Donald Tramp: “Tehronning iltimosiga binoan Eronning energiya inshootlariga qarshi hujumlarni 10 kun muddatga toʻxtataman”, deb bayonot berdi. Eronlik rasmiy shaxs AQSHning nizoni yakunlash taklifini "bir tomonlama va adolatsiz" deb hisoblab, rad etgan boʻlsa-da, Tramp suhbatlar "juda yaxshi" kechayotganini aytdi.

28-fevralda AQSH va Isroilning Eronga boshlagan hujumlari minglab insonlarning oʻlimiga sabab boʻldi, qoʻshni oʻlkalarga yoyildi va shiddat bilan oʻsayotgan energiya narxlari orqali jahon iqtisodiyotiga zarba berdi.

Payshanba kuni Oq uyda oʻtkazilgan hukumat majlisi paytida Tramp, agar kelashuvga erishilmasa, Eron ustidan bosimni oshirish bilan poʻpisa qildi. Biroq keyinchalik ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida Eron energiya inshootlariga zarbalarni 10 kun davomida, yaʼni 2026-yil 6-aprelga qadar (Tehron  vaqti bilan 7-aprel tonggi soat 05:00 gacha) toʻxtatib turishini bildirdi.

Tramp "Truth Social" nashrida: "Muzokaralar davom etmoqda va "Yolgʻon xabarlar" tarqatuvchi OAV hamda boshqalarning aksini iddao qiluvchi xato bayonotlariga qaramasdan, ishlar juda yaxshi ketyapti", deb qoʻshimcha qildi.

Keyinroq "Fox News" telekanalining "The Five" dasturiga bergan suhbatida Tramp, eronliklar yetti kunlik tanaffus soʻraganini aytdi. Tehron tomondan esa hozircha bunga hech qanday munosabat bildirilmadi.

"Wall Street Journal" nashrining tinchlik muzokaralaridagi vositachilarga tayanib bergan xabariga koʻra, Eron energiya inshootlariga hujumlar borasida 10 kunlik toʻxtashni soʻramagan.

Uchuvchisiz tezyurar qayiqlar

Urush dengiz orqali yuk tashish tizimini katta miqyosda buzib, xom neft narxini qariyb 40 foizga oshirdi va Osiyoga yuboriladigan suyultirilgan tabiiy gaz (LNG) yetkazmalarida uchdan ikki qismga teng sakrashni yuzaga keltirdi. Oziq-ovqat yetishtirish uchun hayotiy ahamiyatga ega boʻlgan azotli oʻgʻitlar narxi esa taxminan 50 foizga koʻtarildi.

Trampning nekbin baholariga qaramay, Eron Isroilni va AQSH harbiy manzillarini urish orqali qarshi zarbalar berishda davom etdi. Shuningdek, Koʻrfaz oʻlkalariga hujum qilib, Hormuz boʻgʻozi orqali Yaqin Sharq yoqilgʻi eksportiga amalda toʻsqinlik qildi.

Pentagon Eronga qarshi amaliyotlar doirasida nazorat qilish uchun uchuvchisiz tezyurar qayiqlarni (dron katerlar) safarbar qilganini eʼlon qildi. Bu Vashingtonning faol toʻqnashuvda ilk bor bunday vositalardan foydalanganini tasdiqlashi boʻldi.

Tramp boʻgʻozning ochilishi va Tehron yadroviy dasturining tugatilishi kabi AQSH talablariga amal qilinmasa, Vashington Eronning "eng yomon tushi"ga aylanishini aytdi. U Eron neftini nazoratga olish variantlardan biri ekanini aytdi-yu, lekin tafsilotlarga toʻxtalmadi.

Eronlik mulozimning soʻzlariga koʻra, Pokiston orqali Tehronga yetkazilgan 15 banddan iborat AQSH taklifi chorshanba kuni yuqori martabali rahbarlar va diniy peshvolar vakillari tomonidan batafsil oʻrganilgan. Mulozim bu taklif faqat AQSH va Isroil manfaatlariga xizmat qilishini sezishgan boʻlsa-da, diplomatiya tugamaganini bildirdi. Ammo toʻqnashuvlar shiddat bilan davom etdi.

Payshanba kuni Eron Isroilga juda koʻp miqdorda raketa uchirib, Tel-Aviv, Hayfa va boshqa hududlarni urdi. Isroil armiyasining maʼlumotiga koʻra, kamida bitta ballistik raketa Tel-Avivga tushgan, boshqalari esa uylar va mashinalarga zarar yetkazuvchi parchalanuvchi oʻq-dorilar tashigan.

Isroil tez yordam xizmati esa Hizbullohning shimoldagi Nahariya shahriga uchirgan raketalari natijasida bir kishi hayotdan koʻz yumganini xabar qildi.

Eronda esa hujumlar janubdagi Bandar-Abbos shahri va Sheroz shahri chetidagi bir qishloqqa zarba berdi. Isfahondagi universitet binosi urilgani haqida ham xabarlar kelmoqda.

Hormuz boʻgʻozi masalasi

Tramp payshanba kuni muzokaralarda yaxshi niyat belgisi sifatida Eronning, orasida Pokiston bayrogʻi ostidagi kemalar ham boʻlgan 10 ta neft tankeriga Hormuz boʻgʻozidan oʻtishga ruxsat berishini taklif qildi.

Prezident Yaqin Sharqqa minglab askar yubordi. Ularning bir qismi mintaqaga yetib bordi va tafsilotlar hali kam boʻlsa-da, bu holat quruqlikdan bostirib kirish ehtimolini kuchaytirdi.

Trampning maxsus vakili Stiv Vitkoff AQSH urushni tugatish uchun muzokaralarga asos boʻladigan "15 bandlik harakatlar roʻyxati"ni yuborganini tasdiqladi.

Manbalar va hisobotlarga koʻra, bu roʻyxat Eron yadroviy dasturining butunlay tugatilishidan tortib, raketalarining cheklanishi va boʻgʻoz nazoratining amalda topshirilishigacha boʻlgan talablarni oʻz ichiga oladi.

Pokiston Tashqi ishlar vaziri AQSH va Eron oʻrtasidagi "bilvosita soʻzlashuvlar" Islomobod orqali yetkazilayotgan xabarlar yordamida olib borilayotganini; Turkiya va Misr kabi boshqa davlatlar ham vositachilik saʼy-harakatlarini qoʻllab-quvvatlayotganini aytdi.

Har qanday muzokaralar oʻta ogʻir oʻtishi kutilmoqda.

Eronlik manbalar urush boshlangandan beri Tehronning pozitsiyasi qattiqlashganini; kelajakdagi harbiy harakatlarga qarshi kafolat, koʻrilgan zararlar uchun tovon puli va boʻgʻoz ustidan rasmiy nazoratni talab qilayotganini aytishmoqda. Mintaqaviy manbalar, shuningdek, Eron har qanday oʻt ochishni toʻxtatish kelashuviga Livan ham kiritilishi kerakligini vositachilarga yetkazganini bildirdi.

Tramp AQSH Eronda aynan kim bilan muzokara olib borayotganini ochiqlamadi. Yaqin Sharq boʻylab davom etayotgan urushda halok boʻlgan minglab odamlar orasida juda koʻp yuqori martabali rahbarlar ham bor.