Tramp ma’muriyati urush tufayli yuzaga kelgan ta’minot tanqisligini yumshatish uchun Strategik neft zaxirasidan 172 million barrel neft chiqarishini e’lon qildi. Energetika vaziri Kris Rayt chorshanba kungi bayonotida shunday dedi: "Bugun erta tongda Xalqaro energiya agentligiga (IEA) a’zo 32 mamlakat, Prezident Trampning energiya narxini tushirish talabiga binoan, o‘z zaxiralaridan jami 400 million barrel xom neft va tayyor mahsulotlarni chiqarishga bir ovozdan qaror qildi".
Ushbu harakatning bir qismi sifatida Prezident Tramp Energetika vazirligiga kelasi haftadan boshlab 172 million barrel neftni bozorga chiqarish vakolatini berdi. Rejalashtirilgan ish sur’atiga ko‘ra, bu jarayon taxminan 120 kun davom etadi. Rayt, shuningdek, Bayden ma’muriyatini AQSH energiya sohasini zaiflashtirganlikda aybladi.
Vazirning ta’kidlashicha, AQSH kelgusi yili strategik zaxiralarni 200 million barrel neft bilan to‘ldirishni, ya’ni olingan miqdordan 20 foiz ko‘proq zaxira to‘plashni rejalashtirmoqda. U bu jarayon soliq to‘lovchilarga og‘irlik keltirmasligini bildirdi. Rayt Eronning AQSH energiya xavfsizligiga tahdid solayotganini aytib, "Bunday kunlar tugamoqda", deya qo‘shimcha qildi.
Tarixdagi eng yirik zaxira operatsiyasi
Xalqaro energiya agentligi (IEA) a’zo davlatlar AQSH-Isroil urushi keltirib chiqargan ta’minot uzilishlarini bartaraf etish uchun neft zaxiralarini ochishga qaror qilganini tasdiqladi. Agentlikka ko‘ra, bozorga jami 400 million barrel neft chiqariladi; bu tashkilotning 50 yildan ortiq tarizidagi eng yirik birgalikdagi harakat bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda AQSHning strategik neft zaxirasida qariyb 415 million barrel neft mavjud bo‘lib, bu umumiy sig‘imning (714 million barrel) taxminan 58 foizini tashkil etadi. Ichki ishlar vaziri Dag Burgum ushbu harakat bo‘yicha yakuniy qaror faqat Prezidentga bog‘liqligini avvalroq ta’kidlagan edi.














