“Oskar” mukofotiga nomzod bo‘lgan kinoaktyor Malkovich mumtoz musiqa va dunyoga mashhur bastakorlar haqidagi tanqidlarni yorituvchi “Musiqa tanqidchisi” nomli gastrol komediyasining Tel-Avivdagi namoyishini bekor qildi. Bunga uning nomidan Isroil xalqini maqtagan soxta reklama matni sabab bo‘ldi.
Malkovich o‘z bayonotida: “Keltirilgan so‘zlarni men hech qachon aytmaganman. Bundan tashqari, ular e’lon qilinishidan oldin men bilan maslahatlashilmagan”, dedi.
Kino va teatr olamining taniqli vakili Jon Malkovich: “Bu so‘zlarni men aytmaganman va ularni mutlaqo ma’qullamayman. Ular mening his-tuyg‘ularimni ham aks ettirmaydi. Shu sababli Tel-Avivdagi tomoshada qatnashmaslikka qaror qildim”, dedi.
Amerikalik aktyor, shuningdek, “hech qanday siyosiy da’vo, begunoh odamlarning o‘ldirilishi yoki biror terror harakati bilan soxta birdamlikda emasligini” ta’kidladi.
Mazkur reklama matnida Malkovich nomidan quyidagi so‘zlar keltirilgan edi:
“Isroilga qaytishdan juda hayajondaman. O‘zimni kuchli yaqinlik va birdamlikda his qiladigan samimiy Isroil xalqi bilan yana uchrashishni intiqlik bilan kutmoqdaman. Sizlarni xursand va kelajakka umid bilan qarayotgan holda ko‘rishga umid qilaman! Barchangizga samimiy muhabbatimni yo‘llayman”.
Malkovich “Xavfli aloqalar”, “O‘t ochish chizig‘ida” va “Con Air” kabi filmlari bilan tanilgan hamda ikki marta Akademiya mukofotiga nomzod bo‘lgan.
72 yoshli Malkovich Tel-Aviv ma’muriyatining G‘azo va bosib olingan G‘arbiy Sohildagi falastinliklarga qarshi hujumlari sababli Isroilda sahnaga chiqishni rad etgan so‘nggi taniqli san’atkor bo‘ldi.
















