IQTISODIYOT
2 daqiqa o'qish
Turkiya bilan Italiya mehnat sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirmoqchi
Turkiya Mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziri Vedat Ishikxan bilan Italiya Mehnat va ijtimoiy siyosat vaziri Marina Elvira Kaldarone o‘rtasida hamkorlik bo‘yicha o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Turkiya bilan Italiya mehnat sohasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirmoqchi
_

Vedat Ishikxan, turli uchrashuvlar o‘tkazish va tadbirlarda ishtirok etish uchun borgan Italiya poytaxti Rim shahrida italiyalik hamkasbi Marina Elvira Kaldarone bilan uchrashdi. Bu haqida Turkiyaning Mehnat va ijtimoiy ta’minot vaziriligi tomonidan ma’lumot berildi.

Uchrashuvda ikki davlat o‘rtasida mehnat, bandlik, kasb - hunar ta’limi va ijtimoiy ta’minot sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Vedat Ishikxan texnik hay’atlarning fidokorona va jadal ishlari tufayli jarayon qisqa vaqt ichida aniq natijaga erishganini ta’kidlab, Turkiyaning NATOdagi ittifoqchisi va strategik hamkori Italiya bilan munosabatlar o‘zaro hurmat, umumiy manfaatlar va yuqori darajadagi yaqin aloqalar asosida barcha sohalarda ijobiy rivojlanayotganidan mamnun ekanini bildirdi.

Ishikxan quyidagilarni qayd etdi:

«Muhtaram Prezidentimiz Rejep Tayyip Erdo‘g‘an va Italiya Bosh vaziri Jorjia Meloni o‘rtasidagi yaqin muloqot hamda o‘zaro tashriflar ikki davlat o‘rtasidagi muvofiqlashtirish va hamkorlik ruhini mustahkamlashga muhim hissa qo‘shmoqda degan fikrdamiz. O‘tgan yilning aprel oyida o‘tkazilgan 4 - Hukumatlararo sammit ikki tomonlama munosabatlarimiz erishgan darajaning muhim ko‘rsatkichi bo‘ldi. Sammit doirasida yetakchilarimiz tomonidan ikki tomonlama savdo hajmini 40 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilanganini muhim rivojlanish sifatida baholaymiz. Ayniqsa, mudofaa sanoati boshchiligida turli sohalarda rivojlanayotgan hamkorliklarimiz iqtisodiy aloqalarimiz tobora chuqurlashayotganini ko‘rsatmoqda».

Turkiya bilan Italiya o‘rtasidagi hamkorlikni mehnat va ijtimoiy siyosat sohalarida ham yanada rivojlantirishni maqsad qilganliklarini ta’kidlagan Ishikxan mavzu haqida shuningdek:

«Ayniqsa, kasb - hunar ta’limi, bandlik siyosati va ijtimoiy ta’minot tizimlarining barqarorligi masalalarida tajriba almashishimiz har ikki mamlakat uchun ham muhim hissa qo‘shishiga ishonamiz. Italiyadagi turk jamiyati hamda Turkiyadagi Italiya fuqarolarining mehnat faoliyati davomida duch kelayotgan muammolarini hal etishga alohida e’tibor beramiz» - degan o‘rin berdi.