Rossiya Mudofaa vazirligi chorshanba kuni anneksiya qilingan Qrim yarimoroli ustida harbiy samolyot qulab tushishi natijasida bortdagi 29 kishining barchasi halok bo‘lganini ma’lum qildi.
Vazirlik bayonotiga ko‘ra, An-26 harbiy-transport samolyoti halokat vaqtida 23 nafar yo‘lovchi va 6 nafar ekipaj a’zosini tashiyotgan bo‘lgan.
“31-mart kuni Moskva vaqti bilan taxminan soat 18:00 (Toshkent vaqti bilan 20:00) atrofida Qrim yarimoroli uzra rejalashtirilgan parvozni amalga oshirayotgan An-26 harbiy-transport samolyoti bilan aloqa uzilgan”, — deyiladi rasmiy xabarda.
Qidiruv-qutqaruv guruhlari halokat joyini aniqlagan, biroq tirik qolganlar topilmagan. Vazirlik hodisa sabablarini o‘rganish uchun maxsus komissiya voqea joyiga yuborilganini bildirdi.
“RIA Novosti” agentligining o‘z manbasiga tayanib xabar berishicha, samolyot tog‘li-toshli hududga qulagan. Hozircha tashqi ta’sir izlari aniqlanmagan va halokatning dastlabki sababi sifatida texnik nosozlik ko‘rib chiqilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya kuchlari 2014-yilning fevralida Qrim yarimorolini egallagan edi. Keyingi oyda Rossiya prezidenti Vladimir Putin hududni rasman Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi sub’ektlar sifatida e’lon qilgan.











