Filastinlik rasmiylar bergan ma’lumotga ko‘ra Isroil rasmiylari seshanba kuni ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Yaqin Sharqdagi falastinlik qochqinlarga yordam berish agentligi (UNRWA) tomonidan foydalanilayotgan binolarga elektr va suv ta’minotini to‘xtatishni nazarda tutuvchi qonunni yo‘lga qo‘yish ishlarini boshladi.
Quddus gubernatorligi mavzu haqida bergan bayonotda, Isroil rasmiylari mazkur qonunni yo‘lga qo‘yish oldidan ogolantirish maqsadida rasmiy xatlar yubora boshlaganini ma’lum qildi. Gubernatorlik bu qadamni qoralab, Isroil UNRWAning shahardagi o‘rni va muassasalariga nisbatan yangi keskinlik boshlatganini bildirdi.
Bayonotda aytilishicha, Isroil elektr kompaniyasi G‘arbiy Sohil devori (Ajratish devori) ichida joylashgan UNRWA binolarida elektr ta’minoti to‘xtatilishi haqida bildirishnomalar yuborgani va ushbu talab 15 kundan so‘ng kuchga kirishi belgilangan.
Mazkur harakat Knesset tomonidan 2025 - yilning 31 - dekabrida tasdiqlangan qonunga asoslanadi.
Isroilning Gihon suv kompaniyasi ham ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda joylashgan BMT agentligi foydalanayotgan mulklarga suv yetkazib berishni to‘xtatish bo‘yicha alohida ogohlantirishlar yubordi.
Jiddiy oqibatlar
Dastlabki baholashlarga ko‘ra ushbu choralar maktablar, klinikalar, ta’lim markazlari va ma’muriy ofislarni o‘z ichiga olgan holda UNRWAga tegishli 10 ta binoga ta’sir ko‘rsatadi. Gubernatorlik ularning orasida agentlikning Shayx Jarroh mahallasida joylashgan bosh ofisi ham borligini bildirdi.
Isroilning bu choralari Sharqiy Quddusdagi falastinlik qochqinlarga ko‘rsatilayotgan ta’lim, sog‘liqni saqlash va gumanitar yordam xizmatlari uchun jiddiy salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida ogohlantirildi.
Isroil parlamenti mazkur qonunni o‘tgan oy ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda 59 ga 7 ovoz bilan qabul qilib, yakuniy tasdiqdan o‘tkazgan.
UNRWA ma’lumotiga ko‘ra ishg‘ol ostidagi G‘arbiy Sohil bo‘ylab agentlik maktablarida 48 ming nafar bola ta’lim olmoqda.
Isroil avval ham UNRWAga nisbatan shunga o‘xshash choralarni ko‘rgan.
Knesset 2024 - yili ayrim UNRWA xodimlari 2023 - yilning 7 - oktabr voqealariga aloqador bo‘lgani haqidagi iddaolarni asos qilib, BMT agentligining Isroildagi faoliyatini taqiqlovchi qonun qabul qilgandi. Agentlik esa bu ayblovlarni rad etgan.
BMT UNRWA qat’iy ravishda betaraflik standartlariga amal qilishini ta’kidlab keladi.
UNRWA bundan 70 yildan ortiq vaqt avval BMT Bosh Assambleyasi tomonidan o‘z yerlaridan majburan chiqarilgan falastinliklarga yordam ko‘rsatish maqsadida tashkil etildi.














