Sun’iy intellekt modellari samaradorligi oshgani sayin energiya va resurslarga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi degan optimistik qarashlar BMning so‘nggi ekologik hisobotidan so‘ng shubha ostida qoldi. Hisobotga ko‘ra, sun’iy intellektning atrof-muhitga ta’siri kutilganidan ham tez sur’atlarda ortib bormoqda.
Mutaxassislar bu holatni iqtisodiyotdagi “Jevons paradoksi” bilan izohlamoqda. Unga ko‘ra, texnologiya samaradorligi oshib, foydalanish xarajatlari kamaygani sari iste’mol kamaymaydi, aksincha, talab yanada ortadi.
2030 yilga borib resurslar iste’moli keskin oshishi mumkin
BMT hisobotidagi prognozlarga ko‘ra, 2030 yilga kelib sun’iy intellektning energiya iste’moli ikki baravar oshib, dunyo elektr energiyasi sarfining 3 foiziga yetishi mumkin.
Bu ko‘rsatkich Buyuk Britaniyaning yillik karbon chiqindilariga teng ekologik yukni anglatadi.
Bundan ham e’tiborlisi, ma’lumotlar markazlarini sovutish uchun sarflanadigan suv miqdori dunyo aholisining bir yillik ichimlik suvi ehtiyojidan oshib ketishi mumkin.
O‘tgan yilning o‘zida ma’lumotlar markazlari Saudiya Arabistoni miqyosidagi elektr energiyasini iste’mol qilganini hisobga olsak, 2030 yilgacha yuz berishi kutilayotgan o‘sishni qoplash uchun 10 yil davomida o‘sadigan 6,7 milliard daraxt va Meksika hududidan qariyb o‘n baravar katta yer maydoni talab etilishi hisoblab chiqilgan.
Raqamli tafovut va ekologik adolatsizlik
Hisobotda sun’iy intellekt rivojlanishi ortidagi tarkibiy tengsizliklarga ham e’tibor qaratilgan.
Bugungi kunda sun’iy intellekt uchun maxsus bulut infratuzilmasiga ega atigi 32 ta davlat mavjud bo‘lib, ushbu quvvatning 90 foizi AQSh va Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.
Bu esa sun’iy intellekt tizimlarini yaratadigan va nazorat qiladigan davlatlar bilan faqat undan foydalanuvchi mamlakatlar o‘rtasidagi raqamli tafovutni yanada chuqurlashtirmoqda.
Shuningdek, texnologiyani asosan iste’mol qiluvchi kam rivojlangan mamlakatlar foydadan kam ulush olgan holda, foydali qazilmalarni qazib olish va elektron chiqindilar bilan bog‘liq ekologik yukning katta qismini o‘z zimmasiga olishga majbur bo‘lmoqda.


















