"New York Times" nashriga ko‘ra, hozirda Karib dengizida bo‘lgan "USS Gerald R. Ford" va unga hamrohlik qiluvchi kemalar Yaqin Sharqqa yuboriladi; ushbu kemalarning aprel oyi oxiri yoki may oyi boshigacha AQSHga qaytishi kutilmayapti. Gazetaga ismini oshkor qilmaslik sharti bilan gapirgan to‘rt nafar amerikalik mulozim, kema xodimlari qarordan payshanba kuni xabardor qilinganini aytdi.
"Ford" zarbdor guruhi AQSH Prezidenti Donald Trampning Eron ustidan kuchayib borayotgan bosimini qo‘llab-quvvatlash uchun Ko‘rfazda "USS Abraham Lincoln"ga qo‘shiladi. Tramp avvalroq mintaqada ikkinchi aviatsiya kemasi bo‘lishi haqida chaqiriq bilan chiqqan edi, biroq kemaning nomi aytilmagan edi. AQSH Prezidenti o‘tgan oy Eronga tomon yirik flot harakatlanayotganini ta’kidlab, Tehronni kelishuvga erishishga chaqirgan, aks holda "navbatdagi hujum ancha yomon bo‘lishi" haqida ogohlantirgan edi.
“Biz kelishuvga erishishimiz kerak”
Tramp AQSH aviatsiyasi "USS Abraham Lincoln" yetakchiligida Eronga yaqinlashayotgan flotning avvalroq Venesuelaga yuborilgan flotdan kattaroq ekanini va “zarurat tug‘ilsa, o‘z vazifasini shiddat bilan, tezda bajarishga tayyor, xohishli va qodir” ekanini aytdi. Donald Tramp, shuningdek, payshanba kuni AQSH Eron bilan kelishuvga erishishi kerakligini ta’kidlab, mart oyida bitim imzolanishi mumkinligini taxmin qildi. Tramp jurnalistlarga: “Biz kelishuv tuzishimiz kerak, aks holda vaziyat juda og‘ir, juda ayanchli bo‘ladi”, dedi.
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu ham payshanba kuni Trampning Eronga nisbatan harbiy hujumning oldini oladigan kelishuvga erishish uchun munosib sharoit yaratganiga umid qilishini bildirdi.
"USS Gerald R. Ford" dastlab Yevropa safari sifatida rejalashtirilgan, biroq Trampning Venesuelaga nisbatan bosim siyosatini qo‘llab-quvvatlash uchun Karib dengiziga yo‘naltirilgan topshiriq uchun 24-iyun kuni Norfolkdan (Virginiya) yo‘lga chiqqan edi. "Ford" aviatsiyasidagi samolyotlar 3-yanvarda Venesuelada Davlat rahbari Nikolas Maduroning qo‘lga olinishi bilan yakunlangan operatsiyada ishtirok etgan edi.
Mart oyi boshida AQSHga qaytishi rejalashtirilgan zarbdor guruhning xizmat muddati uzaytirildi. Xabarlarga ko‘ra, bu so‘nggi kechikish "Ford" kemasining Virginiyada yirik ta’mirlash va yangilash ishlari uchun rejalashtirilgan quruq dok (dry dock) muddatini xavf ostiga qo‘yadi.









