Rossiya Davlat rabari Vladimir Putin qurolli mojarolarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish uchun qo‘ldan kelgan barcha ishni qilish kerakligini ta’kidlab: «Bizning ishlarimiz ham shu yo‘nalishda olib borilmoqda», — dedi.
Kreml saroyidan berilgan ma’lumotga ko‘ra Vladimir Putin Qirg‘iziston poytaxti Bishkekda bo‘lib o‘tgan Shanxay Hamkorlik Tashkiloti (ShHT) sammitida nutq so‘zladi.
Putin ShHT kuchayib va kengayib borayotganini ta’kidlab: «ShHT nafaqat Yevrosiyo qit’asida, balki butun dunyoda ham amalda eng yirik mintaqaviy tashkilot hisoblanadi. Tashkilotga a’zo davlatlarda dunyo aholisining deyarli yarmi yashaydi. Jahon yalpi ichki mahsulotining uchdan bir qismi esa ushbu mamlakatlarga to‘g‘ri keladi», — dedi.
ShHT katta salohiyatga ega ekanini ta’kidlagan Vladimir Putin a’zo davlatlar turli sohalarda hamkorlikni rivojlantirayotgani, bu esa Yevrosiyo mintaqasida tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga xizmat qilayotganini ifoda etdi.
Putin Rossiyaning ShHT davlatlari bilan savdo hajmi o‘tgan yili 400 milliard dollardan oshganini qayd etib: «O‘zaro to‘lovlarda milliy valyutalardan foydalanilmoqda. Rossiyaning tashkilotga a’zo davlatlar bilan amalga oshirayotgan savdo amaliyotlarida milliy valyutalarning ulushi 98 foizdan oshadi», — dedi.
Rossiya rahbari Ikkinchi jahon urushi 1939 - yilning 1 - sentabrida boshlanganini yodga solib: «Qurolli mojarolarni keltirib chiqarayotgan omillarni bartaraf etish uchun qo‘limizdan kelgan barcha ishni qilishimiz kerak. Bizning ishlarimiz ham shu yo‘nalishda», — dedi.





















