Ukraina Tashqi Ishlar vaziri Andrey Sibiga urushni yakunlash jarayonini tezlashtirish uchun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy va Rossiya Davlat rahbari Vladimir Putin uchrashishi kerakligini qayd etdi.
Sibiga rasmiy tashrif bilan hozrida Ukrainada bo‘lgan Ozarbayjon Tashqi Ishlar vaziri Jayxun Bayramov bilan uchrashdi.
Ikki tomonlama muzokaralardan so‘ng Kiyevdagi Ukraina Tashqi Ishlar vazirligida o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida so‘zga chiqqan Sibiga, Ozarbayjon bilan munosabatlarga katta ahamiyat berishlarini ta’kidladi.
Sibiga: “Ozarbayjonlik do‘stlarimiz uchun bir qator takliflarimiz bor. Biz Ukrainaga energiya ta’minotini diversifikatsiya qilishdan manfaatdormiz”, - dedi.
U, shuningdek, “O‘rta yo‘lak” kabi loyihalarda ham Ozarbayjon bilan hamkorlikni muhim deb bilishlarini qayd etib: “Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo bilan hamkorlik biz uchun muhim”, - dedi.
Sibiga Ukraina va Ozarbayjon bir - birining hududiy yaxlitligi hamda suverenitetini qo‘llab - quvvatlashini ta’kidladi.
Urush tufayli Qora dengizda sodir etilgan hujumlar oqibatida Ozarbayjon fuqarolari halok bo‘lgani va jarohat olgani munosabati bilan Bayramovga chuqur hamdardlik bildirgan Sibiga: “Bularning barchasiga Rossiyaning tajovuzi sabab bo‘lmoqda”, - dedi.
“AQSh muzokaralar delegatsiyasining kelishini kutmoqdamiz”
Sibiga, shuningdek, urushni tugatishga qaratilgan avvalgi AQSh – Ukraina – Rossiya uch tomonlama muzokaralari formatiga ham to‘xtaldi.
U muzokaralar bir muncha vaqtdan beri o‘tkazilmayotganini bildirib: “AQSh muzokaralar delegatsiyasining (Kiyevga) kelishini kutmoqdamiz”, - dedi.
Urushni tugatish uchun barcha imkoniyatlardan foydalanishni istashlarini ta’kidlagan Sibiga: “Menimcha, tinchlik sa’y - harakatlariga haqiqiy turtki bera oladigan yagona omil — Zelenskiy va Putin o‘rtasidagi uchrashuvdir”, - deya gapirdi.
Sibiga, shuningdek, Patriot havo mudofaa tizimida qo‘llaniladigan raketalarni yetkazib berish yoki bunday raketalarni ishlab chiqarish uchun zarur litsenziyani AQShdan olish bo‘yicha ishlarni davom ettirayotganliklarini ifod etib: “Biz har bir Patriot raketasi uchun tom ma’noda kurashmoqdamiz”, - dedi.


















