Eron o‘z kuchlari tomonidan olovlar ichida tark etilgan savdo kemasiga qarshi uyushtirilgan hujum ortidan AQShning yangi zarbalariga javoban yakshanba kuni Ho’rmuz bo‘g‘ozini yopganini e’lon qildi hamda Fors ko‘rfazidagi AQSh harbiylari joylashgan qo‘shni davlatlarga raketa va dronlar uchirdi.
AFP muxbirlari va mahalliy rasmiylarning ma’lum qilishicha Qatar, Birlashgan Arab Amirliklari va Bahraynda havo hujumi sirenalari hamda portlashlar ovozi eshitilgan. Bu holat Vashington va Tehron o‘rtasida AQSh hamda Isroilning Eronga qarshi olib borayotgan urushini yakunlash maqsadida tuzilgan vaqtinchalik kelishuvni izdan chiqargan navbatdagi keskinlik sifatida qayd etildi.
Pentagonning bildirishicha, yakshanba kuni tongda AQSh Eron hududiga zarbalar bergan. Bunga sabab sifatida Islom inqilobi muhofizlari korpusi Ho’rmuz bo‘g‘ozida "ruxsat etilmagan yo‘nalishda harakatlangan" deb da’vo qilgan, Gretsiya boshqaruvidagi Janubiy Kipr bayrog‘i ostida suzayotgan konteyner kemasiga o‘t ochgani ko‘rsatildi.
Davlat OAV xabariga ko‘ra Inqilob muhofizlari keyinchalik qoidalarni buzganlikda ayblagan ikkinchi kemani ham nishonga olganini ma’lum qildi.
Eron OAVlari Bandar - Abbos, Sirik, Jask, Keshm oroli hamda Iroq chegarasidagi Xuziston viloyatida ham portlashlar sodir bo‘lgani ammo hozircha qurbonlar haqida ma’lumot yo‘qligini xabar qildi.
Oradan bir necha soat o‘tib Bahraynda havo hujumi sirenalari yangradi. Birlashgan Arab Amirliklari va Qatar raketa hujumlarini qaytarganini ma’lum qildi, Doha esa uch kishi yaralanganini bildirdi.
Quvayt ham bir hujumning oldi olinganini ma’lum qildi, Iordaniya esa Eronning uchta raketasi o‘z hududiga tushganini bildirdi.
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi Ummonning Dukm portida dengiz vositalariga logistika yordami ko‘rsatish markazlari va AQSh aviatsiya tashuvchi kemalari uchun yoqilg‘i ta’minoti obyektlari yo‘q qilinganini da’vo qildi.
Endi ular buning badalini to‘lamoqda
IRNA davlat axborot agentligi xabariga ko‘ra Inqilob muhofizlari avvalroq tasdiqlangan dengiz yo‘lagidan foydalanish bo‘yicha qayta - qayta berilgan ko‘rsatmalarga bo‘ysunmagan kemani to‘xtatganini bildirgan.
Muhofizlar shunday bayonot berdi: "Ushbu voqeadan so‘ng... Ho’rmuz bo‘g‘ozi keyingi e’longacha va ushbu hududdagi Amerika aralashuvi tugamaguncha yopiladi”.
Eron kemaga qilingan hujumni "ogohlantiruvchi o‘qlar" deb atagan bo‘lsa - da AQSh harbiylari Tehronning bo‘g‘oz orqali erkin harakatlanayotgan Janubiy Kipr bayrog‘i ostidagi konteyner kemasiga ochiq hujum qilganini ta’kidladi.
AQSh Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) ekipajning bir a’zosi bedarak yo‘qolgani, kema esa yong‘in va mashina bo‘limidagi shikastlanishlar sabab harakatsiz qolganini ma’lum qildi.
Buyuk Britaniyaning dengiz xavfsizligi tashkiloti UKMTO ekipaj kemani tark etib, qutqaruv qayig‘iga o‘tgani hamda hodisa Ummon sohillaridan taxminan 17 kilometr (10 mil) sharqda sodir bo‘lganini bildirdi.
X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan bayonotda shunday deyiladi: "Bunga javoban Amerika Qo‘shma Shtatlari Eronning bo‘g‘oz orqali erkin harakatlanayotgan fuqarolik dengizchilari va tijorat kemalariga hujum qilish salohiyatini zaiflashtirishni davom ettirib, unga og‘ir badal to‘latmoqda".
CENTCOM keyinchalik AQSh Prezidenti Donald Tramp ko‘rsatmasi bilan amalga oshirilgan operatsiya doirasida, bu hafta ichidagi uchinchi zarbalar to‘lqini sifatida, AQSh harbiylari Eronning qariyb 140 ta harbiy obyektiga zarba berganini ma’lum qildi.
AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset esa mavzu haqida shunday dedi: "Eron yomon tanlov qildi. Endi ular buning badalini to‘lamoqda".

















