Aralarida ayollar va bolalar ham bo‘lgan 27 dan ortiq kishini tashiyotgan yo‘lovchi kemasi Nil daryosida Tayba al-Havvad va Dim al-Garay o‘rtasida ag‘darilib ketdi.
Tibbiy guruh ma’lumotiga ko‘ra, Sudan shimolida Nil daryosida 27 dan ortiq kishini tashiyotgan yo‘lovchi kemasining ag‘darilishi oqibatida kamida 15 kishi halok bo‘ldi. Sudan Shifokorlar Guruhi chorshanba kuni bergan bayonotida, Shendi hududidagi Tayba al-Havvad va Dim al-Garay manzillari orasida harakatlanayotgan kemada ayollar, bolalar va keksalar ham bo‘lgan 27 dan ortiq kishi sayohat qilayotganini bildirdi.
Guruh, hozirgi vaqtga qadar 15 kishining jasadi topilganini va 6 kishi qutqarilganini, mahalliy aholi hamda fuqaro muhofazasi xizmati esa bedarak yo‘qolganlarni qidirish ishlarini davom ettirayotganini ma’lum qildi. Sudan Shifokorlar Guruhi ushbu fojia daryo transporti tizimidagi xavfsizlik choralarining yetishmasligini va dastlabki soatlarda mas’ul idoralarning yordamga kelmaganini ko‘rsatib berganini ta’kidladi.
Bayonotda aytilishicha, qutqaruv ishlarining kechikishi talofat ko‘lamini yanada kengaytirgan. Bayonotda: "Sudan Shifokorlar Guruhi tegishli idoralardan zudlik bilan maxsus qutqaruv guruhlari va qidiruv-qutqaruv uskunalarini yuborishni talab qiladi", — deyilgan. Guruh, shuningdek, daryo transporti xavfsizligini ta’minlash va begunoh insonlar hayotdan ko‘z yumishiga sabab bo‘ladigan bunday fojialar takrorlanmasligi uchun shoshilinch choralar ko‘rishga chaqirdi.








