G'AZODA URUSH
2 daqiqa o'qish
Isroil hujumlari oqibatida falastinlik qurbonlar soni oshmoqda
Isroil, o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaramay yana hujum uyushtirdi va oqibatida falastinlik yana besh kishi umriga zomin bo‘ldi.
Isroil hujumlari oqibatida falastinlik qurbonlar soni oshmoqda
_

Tibbiyot xodimlarining ma’lum qilishicha otgan yilning oktabr oyida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvining buzilishi davom etayotgan bir paytda, Isroil hujumlari oqibatida, falastinlik besh kishi halok bo‘ldi. Ularning bir nafari yosh bola ekani aniqlandi.

Tibbiyot xodimlari yakshanba kuni G‘azo markazidagi Burayj qochqinlar lagerining sharqiy qismidagi chodirlar lageriga qarshi uyushtirilgan Isroil hujumi oqibatida 9 yoshli Tala Abu Mata hayotdan ko‘z yumganini bildirdi.

Falastin Qizil Yarim oy jamiyati G‘azo janubidagi Sabra hududida joylashgan ustaxonaga qarshi uyushtirilgan Isroil hujumi oqibatida ikki nafar falastinlik halok bo‘lganini ma’lum qildi.

Tashkilot hujum oqibatida yana bir falastinlik jarohatlangani, qurbonlarning jasadlari bo‘laklarga ajralganini bildirdi.

Guvohlarning aytishicha, Isroilga tegishli insonsiz havo transporti, ustaxona joylashgan hududdagi al - Rays mahallasidagi binoga kamida uchta raketa uchirgan.

Manba, shuningdek, G‘azo markazidagi Burayj qochqinlar lagerining sharqiy qismida juma kuni Isroil o‘qi natijasida yaralangan falastinlik erkak olgan jarohatlari tufayli vafot etganini ma’lum qildi.

G‘azo janubida, Xon Yunus shahrining sharqiy qismida Isroil insonsiz havo transpoti hujumida yaralangan yana bir falastinlikni ham qutqarib qolishning imkoni bo‘lmadi.

Bundan tashqari, guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, Isroil armiyasi Xon Yunus janubida va G‘azo sharqida o‘z nazorati ostidagi hududlarda falastinliklarning uylari va inshootlarini buzishni davom ettirmoqda.

Guvohlar Xon Yunus va G‘azodagi vayron qilish ishlari davomida kuchli portlash ovozlari eshitilgani, biroq jarohat olganlar haqida ma’lumot berilmaganini bildirdi.

G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra 2025 - yilning 10 - oktabrida kuchga kirgan o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvidan beri Isroil hujumlari oqibatida falastinlik kamida 1 ming 98 kishi halok bo‘lgan, 3 ming 535 nafari esa yaralangan.

2023 - yilning oktabr oyidan beri davom etayotgan Isroil hujumlari oqibatida falastinlik 73 ming nafardan ortiq inson halok bo‘lgani, 173 ming nafardan ortiq inson esa jarohatlangani hamda harbiy bo‘lmagan infratuzilmasining qariyb 90 foiziga ziyon yetgan keng ko‘lamli vayronagarchilik yuz bergani qayd etilmoqda.