Turkiya, Misr, Pokiston va Saudiya Arabistoni (R4 guruhi) tashqi ishlar vazirlari Isroil bosqini mintaqa va undan tashqaridagi beqarorlikning asosiy manbai ekanini hamda Isroil siyosati jahon jamoatchiligida chuqur adolatsizlik tuyg‘usini uyg‘otayotganini bildirdi.
R4 tashqi ishlar vazirlari Istanbuldagi yig‘ilishdan so‘ng qo‘shma bayonot e’lon qildi.
Bayonotda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Nizomining tamoyil va maqsadlariga muvofiq, mintaqa va undan tashqarida tinchlik hamda barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgan umumiy manfaatlar asosida diplomatik sa’y-harakatlarga hissa qo‘shish majburiyatini olgan vazirlar o‘zaro manfaatli mintaqaviy masalalarni muhokama qilish uchun Istanbulda uchrashgani qayd etildi.
Qo‘shma bayonotda quyidagi fikrlarga o‘rin berildi:
“Vazirlar Isroil bosqini mintaqa va undan tashqaridagi beqarorlikning asosiy manbai ekanini hamda Isroil siyosati jahon jamoatchiligida chuqur adolatsizlik tuyg‘usini uyg‘otayotganini ta’kidladi. Ular BMTning tegishli qarorlariga muvofiq ikki davlatli yechimni imkon qadar tezroq amalga oshirishga chaqirdi”.
Yaqin Sharqda keng qamrovli tinchlikka erishish maqsadida Falastin xalqining qonuniy huquqlari, jumladan, o‘z taqdirini o‘zi belgilash hamda 1967-yil 4-iyun chegaralari asosida poytaxti Sharqiy Quddus bo‘lgan mustaqil, suveren, yashashga yaroqli va hududiy yaxlitlikka ega Falastin davlatini barpo etish borasidagi ajralmas huquqi qo‘llab-quvvatlanishi yana bir bor ta’kidlandi.
Bayonotda shunday deyildi:
“Yaman masalasida vazirlar husiy qurolli guruhlari sabab bo‘layotgan, insoniy azob-uqubatlarni yanada kuchaytirayotgan nomaqbul keskinlashuvni, ularning Saudiya Arabistoniga qarshi, ayniqsa, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasini nishonga olgan davomli hujumlarini hamda Qizil dengiz va Bob ul-Mandab bo‘g‘ozida savdo kemalariga uyushtirilgan hujumlarni eng qat’iy tarzda qoraladi”.
Bayonotda AQSh, Isroil va Eron o‘rtasida hamda Hormuz bo‘g‘ozi atrofida yuz bergan harbiy to‘qnashuvni faqat muloqot va diplomatiya orqali hal etish, kemalar, tinch aholi va fuqarolik infratuzilmasi nishonga olinishining oldini olish zarurligi alohida ta’kidlandi.






















