Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya tomonidan mamlakat bo‘ylab amalga oshirilgan keng ko‘lamli dron hujumlari natijasida Ukraina hududida kamida to‘qqiz kishi halok bo‘lgani va 80 dan ortiq inson tan jarohati olganini ma’lum qildi.
Zelenskiy kechki payt xalqqa qilgan murojaatida Rossiya kuchlari kun davomida fuqarolik muassasalari va shahar infratuzilmasini nishonga olib, 120 dan ortiq dron uchirganini bildirdi.
Hujumlar Kiyevdagi Fanlar akademiyasi binosi va shifoxonaga, Dniprodagi tijorat markazi hamda Odessadagi ko‘p qavatli turar joy binosiga tekkanligi tasdiqlandi.
Zelenskiy poytaxtdagi Milliy Fanlar akademiyasiga qarshi uyushtirilgan hujumda bir kishi halok bo‘lgani, binoning bir necha qavati vayron bo‘lishi oqibatida yana bir kishi vayronalar ostida qolganini tasdiqladi.
Polsha chegarasi yaqinidagi hujumlar
Zelenskiy hujumlar Sumi va Xarkovni ham o‘z ichiga olgan sharqiy hududlarga ham zarba bergani, shuningdek, reaktiv dvigatelli dron shimoli - g‘arbiy havo hududiga kirib, Polsha chegarasi tomon yo‘l olganini ma’lum qildi.
Tashqi Ishlar vaziri Andrey Sibiga Rossiyaga tegishli dron Polsha bilan chegaradagi Yahodin – Dorohusk chegara o‘tish punktining Ukraina tomonidagi neft terminaliga zarba berganini tasdiqladi. Hujum oqibatida mazkur obyektda hech kim halok bo‘lmagan.
Sibiga: «Rossiya Ukrainaning chegara infratuzilmasini nishonga olishda va urushni NATO chegaralariga tobora yaqinlashtirishda davom etmoqda», — deya ta’kidlab, hujum Moskva «Ukrainadan ancha uzoqdagi xavfsizlikka ham tahdid solayotganini» ko‘rsatganini bildirdi.
Zelenskiy Ukrainaning dronlarni umumiy urib tushirish darajasi 70 foizni tashkil etayotgani, reaktiv dvigatelli takomillashtirilgan «Shahed» dronlariga qarshi muvaffaqiyat darajasi esa 57 foizga yetganini ma’lum qildi.
Ukraina Prezidenti Ukraina kuchlari yangi ishlab chiqilgan mahalliy tutib qoluvchi dronlarni faol ravishda ishga tushirib, sinovdan o‘tkazayotgani, ayrim front bo‘linmalari esa ulardan allaqachon jangovar harakatlarda foydalanayotganini qayd etdi.
Zelenskiy: «Biroq, albatta, yetarli samaradorlik va ko‘lamni ta’minlash uchun haligacha ayrim jihatlarni takomillashtirish kerak. Ishlab chiquvchilarning ishlarini jadallashtirmoqdamiz», — dedi.




















