TURKIYA
3 daqiqa o'qish
Janubiy Koreya Turkiyaning global rolini yuksak baholadi
Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Hyun Turkiyaning global ta’minot zanjirlaridagi strategik ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Janubiy Koreya Turkiyaning global rolini yuksak baholadi
Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Hyun bilan 2026-yil 21-yanvarda Anqara, Turkiyada uchrashdi. / AA
23 январ 2026

Janubiy Koreya Tashqi ishlar vaziri Cho Hyun Turkiyaning global sahnadagi strategik ahamiyati tobora ortib borayotganini aytib, Seul va Anqara o‘rtasidagi hamkorlik, ayniqsa mudofaa sanoati sohasida kengayayotganini bildirdi.
Juma kuni Anadolu agentligiga bergan intervyusida Cho ikki davlat kuchli mudofaa salohiyatiga ega bo‘lgan yo‘nalishlarda xalqaro mavqeini barqaror ravishda mustahkamlab borayotganini qayd etdi. U hamkorlik loyihalari davom etayotganini, xususan Altay asosiy jangovar tanki loyihasiga e’tibor qaratdi.

Kelajakka doir hamkorlik borasida optimistik fikr bildirgan Cho, bu sheriklik nafaqat ikki mamlakatning mudofaa sanoati salohiyatini oshirishini, balki mintaqaviy va global tinchlik hamda xavfsizlikni mustahkamlashga ham muhim hissa qo‘shishini aytdi.

Turkiyaning mudofaa sohasida “sezilarli yutuqlar”

Janubiy Koreya va Turkiya yetakchilari o‘rtasidagi so‘nggi aloqalarni eslatgan Cho, tomonlar mudofaa sanoatida yanada kuchli global pozitsiyaga intilish borasidagi qat’iyatini tasdiqlaganini ma’lum qildi. Vazir o‘zaro ishonch asosida qo‘shma ishlab chiqarish, texnologik hamkorlik va ta’lim almashuv dasturlarini chuqurlashtirish bo‘yicha kelishuvga erishilganini aytdi.

“Turkiyaning mudofaa sanoatini mustahkamlash yo‘lidagi uzoq muddatli va qat’iy sa’y-harakatlarini yaqindan kuzatib boryapmiz,” degan Cho, o‘tgan yili Turkiyaning mudofaa eksporti ilk bor 10 milliard dollardan oshgani va hozirgacha eng yirik mudofaa sanoati ko‘rgazmasi — IDEF’ni muvaffaqiyatli o‘tkazganini “sezilarli taraqqiyotning aniq dalillari” deb baholadi.

Cho, shuningdek, Janubiy Koreya tashqi siyosatda pragmatik yondashuvni qo‘llashini ta’kidlab, AQSh–Xitoy raqobati sharoitida oddiy muvozanat siyosatini yuritmasliklarini, milliy manfaatlarni yaxlit va ko‘p qirrali nuqtai nazardan ko‘rib chiqishlarini aytdi. U Xitoy bilan teng sharoitlarda hamkorlik orqali yangi o‘sish yo‘nalishlari izlanayotganini, ilg‘or texnologiyalar sohasida esa Amerika Qo‘shma Shtatlari bilan hamkorlikni kuchaytirib, sanoat raqobatbardoshligini oshirish maqsad qilinganini bildirdi.

Turkiya bilan “chuqur ishonch va do‘stlik”

Cho Turkiyaning Janubiy Koreya tarixida alohida o‘rin tutishini ta’kidlab, Koreya urushi davrida Anqara Janubiy Koreyaning erkinligi va demokratiyasini himoya qilish uchun qariyb 20 ming askar yuborganini eslatdi. Vazirning aytishicha, ushbu umumiy meros ikki mamlakat o‘rtasidagi “chuqur ishonch va do‘stlikning asosi”ni tashkil etadi.

Mazkur tarixiy bog‘liqlik asosida qurilgan ikki tomonlama hamkorlik siyosiy, iqtisodiy va madaniy sohalarda barqaror kengayib borayotganini aytgan Cho, Lee Jae-myung’ning o‘tgan yili Turkiyaga amalga oshirgan va 13 yildan so‘ng ilk rasmiy tashrif bo‘lgan safari strategik sheriklikni rivojlantirish va yuqori darajadagi muloqotni kuchaytirish yo‘lidagi muhim burilish nuqtasi bo‘lganini ta’kidladi.

Savdo, mintaqaviy diplomatiya va vositachilik

Cho savdo aloqalari ham mustahkamlanayotganini bildirib, 2013 yilda kuchga kirgan Turkiya–Janubiy Koreya Erkin savdo kelishuvi doirasida ikki tomonlama savdo hajmi 2023 yilda rekord daraja — 10,4 milliard dollarga yetganini aytdi. Vazir mudofaa, yadroviy energetika, biotexnologiya, qayta tiklanuvchi energetika va sun’iy intellekt kabi istiqbolli sohalarda hamkorlikni kengaytirish maqsad qilinganini qayd etdi.

Mintaqaviy masalalarga to‘xtalgan Cho, Shimoliy Koreya bilan muloqot kanallarini qayta ochish bo‘yicha sa’y-harakatlar davom etayotganini, Koreya yarimorolida keskinlikni kamaytirish va ishonchni qayta tiklash uchun uzoq muddatli yondashuv zarurligini ta’kidladi. U tinchlik va birga yashashni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar, jumladan Turkiya bilan hamkorlikka katta ahamiyat berilishini aytdi.

Cho, shuningdek, G‘azodagi o‘t ochishni to‘xtatish kelishuvini mamnuniyat bilan qarshi olganini bildirib, Turkiyaning vositachilik sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi; ikki davlatli yechimni qo‘llab-quvvatlashini va gumanitar yordamlar davom etishi lozimligini yana bir bor ta’kidladi. Vazir Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga hurmat saqlanishi kerakligi haqidagi pozitsiya ham o‘zgarmasligini qo‘shimcha qildi.

Strategik markaz sifatida Turkiya

Cho Turkiyani Yevropa va Yaqin Sharqni bog‘lovchi strategik chorraha sifatida ta’riflab, Anqara global ta’minot zanjirlarini diversifikatsiya qilish va mintaqaviy ishlab chiqarish markazlarini barpo etishda tobora muhim rol o‘ynayotganini aytdi. Hozirda Turkiyada 200 dan ortiq koreys kompaniyasi sarmoya kiritganini bildirgan Cho, iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish uchun siyosiy qo‘llab-quvvatlash davom etishini ta’kidladi.

2027 yilda diplomatik aloqalarning 70 yilligi nishonlanishini eslatgan Cho, yoshlar almashuv dasturlari, turizm va madaniy hamkorlik orqali xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni yanada mustahkamlash maqsad qilinganini so‘zlariga qo‘shdi.