Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Ummon sultoni Haysam bin Toriq telefon orqali muloqot qilib, ikki tomonlama munosabatlar hamda mintaqaviy masalalarni muhokama qildilar.
Turkiya Aloqa prezidentligi (Iletişim Başkanlığı) tomonidan chorshanba kuni berilgan bayonotga ko‘ra, Erdo‘g‘an muloqot chog‘ida: "Eronga qilingan hujumlar va ortidan Eronning mintaqadagi birodar qo‘shni davlatlarga nisbatan javobi hududni misli ko‘rilmagan xavfsizlik inqirozi yoqasiga keltirib qo‘ydi", — deya ta’kidladi. Shuningdek, u Ummonni nishonga olgan har qanday hujum qabul qilinmasligini alohida qayd etdi.
Prezident Erdo‘g‘an murakkab sharoitga qaramay, vositachilik va boshqa diplomatik tashabbuslardan voz kechilmagani hamda bu boradagi sa’y-harakatlar qat’iy davom ettirilishini bildirdi.
Turkiya rahbari Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu hukumatining ishg‘ol ostidagi Sharqiy Quddusda joylashgan Al-Aqso masjidiga musulmonlar kirishini cheklashini "mutlaqo qabul qilib bo‘lmas" holat deb atadi va G‘azo sektori hamon insonparvarlik yordamiga o‘ta muhtojligini eslatib o‘tdi.
Shuningdek, u yaqinda tashkil etilgan Tinchlik kengashining asosiy maqsadi "ikki davlatli yechim" bo‘lishi lozimligini va bu yo‘nalishda faol ishlash zarurligini qo‘shimcha qildi.
Muloqot yakunida Erdo‘g‘an Ummon sultonini yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini yo‘lladi.



















