Eron Tashqi Ishlar vaziri Abbos Aroqchi AQSh tomonidan muzlatilgan Eron aktivlaridan kelajakdagi da'volarni qoplash uchun foydalanish "xavfli pretsedent" yaratishini ta'kidladi.
Abbos Aroqchi «X» ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida AQSh Prezidenti Donald Trampning «Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar va yuklarga yetkazilgan har qanday ziyon AQSh qo‘lida bo‘lgan va uning nazoratidagi Eron mablag‘lari hisobidan qoplanadi» - degan bayonotiga munosabat bildirdi.
Eronning muzlatilgan aktivlarini nazarda tutgan Aroqchi mavzu haqida shunday dedi:
«Boshqa bir davlatning aktivlarini musodara qilib, kelajakdagi mutlaqo aloqasiz da'volarni qoplash uchun ishlatish xavfli pretsedent yaratadi».
Muzlatilgan aktivlar yoki mablag‘lardan "foydalanayotganlar"ga murojaat qilgan Aroqchi mavzuga doir yana shunday dedi:
«Hukumatlar musodaralarni odatiy holga aylantirsa, hech kimning aktivlari xavfsiz bo‘lmaydi. Buning oqibatida yuzaga keladigan tartibsizlik na yaxshi, na tinch bo‘ladi».
AQSh Prezidenti Donald Tramp kecha ijtimoiy tarmoqdagi bayonotida, keyingi e'longacha Ho‘rmuz bo‘g‘ozida kemalar va yuklarga yetkazilgan har qanday ziyon «AQSh qo‘lida bo‘lgan va uning nazoratidagi Eron mablag‘lari hisobidan qoplanishini» - ma'lum qilgan edi.
AQShning Eronga qarshi uyushtirgan hujumlari va Tehronning javob tariqasidagi zarbalari 28 - fevraldan buyon davom etar ekan, Vashington bilan Tehron o‘rtasida olib borilayotgan muzokaralardagi asosiy kelishmovchilik mavzularidan biri AQSh tomonidan muzlatib qo‘yilgan Eron mablag‘larini ozod qilish masalasidir.




















