Turkiya Respublikasi Savdo vazirligi 2025 - yil oxiri holatiga ko‘ra Turkiyada istiqomat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslarning xorijdagi investitsiyalarini aniqlash maqsadida «Xorijiy investitsiyalar so‘rovi»ni o‘tkazdi. So‘rov natijalariga ko‘ra Turkiyada istiqomat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan xorijda amalga oshirilgan 2 ming 251 ta investitsiyaning kapital pozitsiyasi 69,2 milliard AQSh dollarini tashkil etdi. 2024 - yilda bu ko‘rsatkich 60,1 milliard dollar darajasida bo‘lgan edi.
Investor bilan xorijdagi investitsiya o‘rtasidagi qarz munosabatlari ham hisobga olingan sof investitsiya pozitsiyasiga ko‘ra, Turkiyada istiqomat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslarning xorijdagi investitsiyalari hajmi 72,1 milliard dollarni tashkil etdi.
Turkiya manbali xorijiy investitsiyalar taqsimoti tahlil qilinganda, 2 ming 251 ta investitsiyaning 846 tasi Yevropa ittifoqi (YI) mamlakatlarida, 464 tasi esa «boshqa Yevropa mamlakatlari» guruhiga kiruvchi Buyuk Britaniya, Rossiya, Bolqon davlatlari, Shveytsariya, Norvegiya va Sharqiy Yevropa hududida joylashgani aniqlandi. Shuningdek, 256 ta investitsiya Yaqin va O‘rta Sharq Osiyo mintaqasida, 246 tasi boshqa Osiyo mamlakatlarida va 220 tasi Shimoliy Amerika mamlakatlarida amalga oshirilgan.
Yevropa ittifoqiga a’zo mamlakatlarning umumiy investitsiyalar ichidagi ulushi 38,3 foizni tashkil etgan bo‘lsa, boshqa Yevropa mamlakatlarining ulushi 20,8 foiz deb hisoblandi.
Xorijiy investitsiyalarning hududlar bo‘yicha kapital pozitsiyasiga qaralganda, Yevropa ittifoqi mamlakatlari 53,1 foiz ulush va 36,7 milliard dollarlik kapital pozitsiyasi bilan birinchi o‘rinda ekani ko‘rindi. Ulardan keyin boshqa Yevropa mamlakatlari 26,2 foiz ulush va 18,1 milliard dollar bilan joy oldi. Shimoliy Amerikada 5,62 foiz ulush va 3,9 milliard dollarlik, Markaziy Osiyodagi turkiy respublikalar hamda Janubi - Sharqiy Osiyo mamlakatlarini o‘z ichiga olgan «boshqa Osiyo mamlakatlari»da esa 5,59 foiz ulush va 3,9 milliard dollarlik turk investitsiyalari mavjud. Gruziya va Ozarbayjon kabi qo‘shni davlatlar hamda Yaqin Sharq va Fors ko‘rfazi mamlakatlarini o‘z ichiga olgan Yaqin va O‘rta Sharq Osiyo mintaqasi investitsiyalar tarkibida 4,04 foiz ulush va 2,8 milliard dollarlik kapital pozitsiyasiga ega bo‘ldi.
Aniqlanishicha, 2025 - yilda Turkiyadan mazkur investitsiyalarga yo‘naltirilgan eksport hajmi 10,7 milliard dollarni, import hajmi esa 8,1 milliard dollarni tashkil etdi.
Birinchi o‘rinda Niderlandiya bor
O‘tgan yil oxiri holatiga ko‘ra, jami 128 mamlakatda to‘g‘ridan - to‘g‘ri turk investitsiyalari mavjud. Birinchi o‘rinda 223 ta investitsiya va 26 milliard 142 million dollarlik kapital pozitsiyasi bilan Niderlandiya turadi. Undan keyin 4 ta investitsiya va 4 milliard 787 million dollarlik kapital pozitsiyasi bilan Jersi hududi joy oldi. Shuningdek, Buyuk Britaniya (Angliya, Uels, Shotlandiya va Shimoliy Irlandiya) 125 ta investitsiya va 3 milliard 903 million dollarlik, AQSh esa 209 ta investitsiya va 3 milliard 808 million dollarlik investitsiya hajmi bilan ajralib turdi.
Turkiyada istiqomat qiluvchi jismoniy va yuridik shaxslarning xorijdagi investitsiyalarida moliya va sug‘urta faoliyati 62 foizlik ulush bilan birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu faoliyatning eng katta qismini xolding kompaniyalari faoliyati tashkil etdi.
Moliya va sug‘urta faoliyatidan keyin 7,8 foizlik ulush bilan konchilik va tosh qazib olish, 5,1 foiz bilan ulgurji va chakana savdo, 4,2 foiz bilan asosiy metall sanoati, 3,8 foiz bilan transport va omborxona xizmatlari, 2,9 foiz bilan oziq - ovqat, ichimlik va tamaki mahsulotlari ishlab chiqarish, 2,3 foiz bilan mehmonxona va umumiy ovqatlanish xizmatlari hamda 1,6 foizlik ulush bilan qurilish faoliyati joy oldi.















