Samarqandda Osiyo taraqqiyot banki Boshqaruv kengashining 59-yillik yig‘ilishi davom etmoqda.
Samarqanddagi «Ipak yo‘li» xalqaro turizm markazida Osiyo taraqqiyot banki (OTB) Boshqaruv kengashining 59-yillik yig‘ilishi “Taraqqiyotning burilish nuqtasi: mintaqaning o‘zaro bog‘langan kelajagini shakllantirish” mavzusida o‘z ishini davom ettirmoqda.
Tadbirning ikkinchi kunida Boshqaruv kengashining rasmiy ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, mamlakatning ming yillik tarixiga hamda Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan strategik ahamiyatiga to‘xtaldi. Davlat rahbari O‘zbekiston Sharq va G‘arb, Shimol va Janubni bog‘lovchi muhim iqtisodiy ko‘prik ekanini alohida ta’kidladi.
Prezident O‘zbekiston iqtisodiyoti rivojlanishning yangi bosqichiga qadam qo‘yganini qayd etdi. Xususan, so‘nggi yillarda iqtisodiyotga 150 milliard dollar miqdorida xorijiy investitsiya jalb qilingani va minglab zamonaviy korxonalar tashkil etilgani bildirdi. Shuningdek, 2020-yildan buyon mamlakatning kredit reytingi izchil yaxshilanayotgani hamda global beqarorlikka qaramay, joriy yilning birinchi choragida iqtisodiy o‘sish 8,7 foizni tashkil etgani ma’lum qilindi.
O‘zbekiston yetakchisi OTB bilan hamkorlikda umumiy qiymati qariyb 16 milliard dollarlik loyihalar amalga oshirilayotganiga e’tibor qaratdi:
“Bank bilan kambag‘allikni qisqartirish, inson kapitalini rivojlantirish va zamonaviy infratuzilma barpo etish kabi strategik yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab oldik. Kecha esa OTB bilan 12 milliard dollarlik yangi hamkorlik dasturini imzoladik”.
Texnologiyalar asrida muhim foydali qazilmalar uchun raqobat kuchayib borayotganini qayd etgan Mirziyoyev, O‘zbekiston bu borada ulkan zaxiralarga ega ekanini ta’kidladi:
“Ushbu salohiyatdan samarali foydalanish maqsadida koreyalik hamkorlarimiz bilan ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etdik. Toshkent va Samarqand viloyatlarida «Future Metals Technopark» (Kelajak metallari texnoparki) barpo etilmoqda. Bugungi kunda AQSh, Xitoy va Turkiyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda qiymati 1,6 milliard dollarlik 70 dan ortiq loyiha hayotga tatbiq etilmoqda”.












