Niderlandiya G‘azo urushida Isroilni qo‘llab – quvvatlashni davom etmoqda. Shu bois kecha, 18 - may kuni, Gaagada taxminan 100 000 kishi Niderlandiya hukumatining yuqorida nomi tilga olingan siyosatiga qarshi norozichilik namoyishi uyushtirdi. Qayd etilishicha ushbu namoyish Niderlandiyaning oxirgi 20 yillik tarixida kuzatilgan eng yirik namoyishi sifatida tarix sahifalaridan o‘rin oldi. «Malieveld» maydonida «G‘azo uchun qizil chiziq torting» shiori ostida uyushtirilgan namoyish Xalqaro Amnistiya tashkiloti, Inson huquqlari kuzatish tashkiloti va Oxfam Novib kabi dunyoning 80 dan ortiq nodavlat notijorat tashkiloti tomonidan qo‘llab - quvvatlandi.
Axloqiy chegarani ifodalash niyatida qizil kiyim kiygan namoyishchilar, qurol eksporti to‘xtatilishi va Niderlandiyaning Isroil genotsididagi ishtirokini bas qilishi zarurligini ta’kidladi. Namoyishchilar Xalqaro sud qarorgohi bo‘lgan Tinchlik saroyi va Niderlandiya parlamenti oldidan o‘tib, maydonga qaytdilar. Xuddi shu paytda «Genotsidni to‘xtating», «Falastinga ozodlik» va «Adolat bo‘lmasa unda tinchlik ham yo‘q» degan shiorlar aytildi. 2023 - yilning oktabr oyidan buyon falastinlik 53 ming nafardan ortiq inson halok bo‘ldi. Ular orasida asosan ayollar va yosh bolalar bor. So‘nggi paytlarda Isroil havo hujumlarining ortishi natijasida faqatgina oxirgi 5 kun ichida yana 378 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, Isroil qamal ostidagi hududga qarshi olib borgan urush sababli Xalqaro sudda genotsidga qo‘l urganlikda ayblanmoqda.
