TURKIYA
1 daqiqa o'qish
Etnosport madaniyat festivali ilk bor Turkiyadan tashqarida boshlandi
Ar-Riyodda o‘n kun davom etadigan festival dunyoning turli burchaklaridan kelgan an’anaviy sport turlari, san’at namunalari va madaniy tadbirlarni bir joyga jamlamoqda.
Etnosport madaniyat festivali ilk bor Turkiyadan tashqarida boshlandi
Etnosport madaniyat festivali Riyozda davom etmoqda / Anadolu Agency (Wire)
 

Etnosport madaniyat festivali ilk bor Turkiyadan tashqarida, Saudiya Arabistonida o‘z eshiklarini ochdi. Poytaxt Ar-Riyodda «Ar-Riyod mavsumi» dasturi doirasida o‘tkazilayotgan festival tashrif buyuruvchilarni an’anaviy sport turlari va madaniy tadbirlar bilan tanishtirmoqda.

Jahon etnosport ittifoqi tomonidan «Dunyo an’analari Ar-Riyodda» shiori ostida tashkil etilgan festival 19-noyabrdan 28-noyabrgacha davom etadi.

Ochilish marosimida Turkiyaning Ar-Riyoddagi elchisi Emrulloh Ishler, Jahon etnosport konfederatsiyasi raisi Najmiddin Bilol Erdo‘g‘on, Saudiya Arabistoni Qirollik devoni maslahatchisi va Ko‘ngilochar tadbirlar bosh boshqarmasi raisi Turki Al Shayx hamda a’zo federatsiyalar vakillari qatnashdi.

Ar-Riyodning Nyu-Murabba hududida o‘tgan marosimda so‘zga chiqqan Erdo‘g‘on festival Turkiya va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi munosabatlarni mustahkamlashiga hamda hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga umid bildirdi.

Ikki mamlakatni mushtarak e’tiqod, umumiy tarix va xalqlari o‘rtasidagi mustahkam aloqalar birlashtirishini ta’kidlagan Erdo‘g‘on shunday dedi: «O‘zaro hurmat, birdamlik va tinchlikni mustahkamlashga, an’analarimizni asrab-avaylashga kuch sarflab, rishtalarimizni yanada mustahkamlashimiz kerak».

Erdo‘g‘on Saudiya Arabistonining mehmondo‘stligi va tadbirni muvaffaqiyatli tashkil etganini yuqori baholadi. U turli an’analar, sport turlari va madaniyatlarni bir joyga jamlagan bu festival tarixga kirishiga ishonch bildirdi.

Kurash, ot minish va kamondan o‘q otish Hazrati Muhammad bilan bog‘liq madaniy merosning bir qismi ekanini ta’kidlagan Erdo‘g‘on, an’anaviy sport turlari odamlarga o‘z ildizlari va mushtarak madaniy qadriyatlari bilan qayta bog‘lanishga yordam berishini aytdi.