Turkiya Tashqi ishlar vaziri Hakan Fidan Yevropa Komissiyasining muvofiqlashtirish va islohotlar bo‘yicha vitse-prezidenti Raffaele Fitto bilan Anqarada bo‘lib o‘tgan uchrashuvda “Turkiya — Yevropa Ittifoqi (YI) munosabatlari kelajagining Janubiy Kipr yunon ma’muriyati (JKYM) tomonidan garovga olinishiga yo‘l qo‘yish” to‘g‘ri strategiya emasligini ta’kidladi.
Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi manbalaridan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, vazir Fidan Yevropa Komissiyasi vitse-prezidenti Fitto bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Uchrashuv chog‘ida Hakan Fidan Fittoning Turkiya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari hamda konstruktiv rolini yuqori baholashlarini bildirib, rasmiy Anqara YI bilan aloqalar va hamkorlikka alohida ahamiyat qaratishini qayd etdi.
Turkiya va Yevropa Ittifoqi umumiy manfaatlar asosida muhim qadamlar tashlashi mumkinligini ta’kidlagan vazir Hakan Fidan “Turkiya — YI munosabatlari kelajagining Janubiy Kipr yunon ma’muriyati tomonidan garovga olinishiga yo‘l qo‘yish” to‘g‘ri strategiya emasligiga urg‘u berdi.
Shuningdek, Hakan Fidan Bojxona ittifoqini yangilash Turkiya va Yevropa Ittifoqining umumiy iqtisodiy manfaatlariga xizmat qilishini hamda ushbu masalani Kipr muammosi bilan bog‘lamaslik zarurligini bildirdi.















