Fikr
SIYOSAT
3 daqiqa o'qish
AQSh va Xitoy konstruktiv va strategik jihatdan barqaror munosabatlarni o‘rnatishga kelishib oldi
Xitoy raisi Si Szinpin AQSh-Xitoy munosabatlarini kelgusi uch yil va undan keyingi davrda yo‘naltiruvchi yangi yondashuv qabul qilinishini olqishladi.
AQSh va Xitoy konstruktiv va strategik jihatdan barqaror munosabatlarni o‘rnatishga kelishib oldi
Donald Trump / Reuters

Xitoy raisi Si Szinpin payshanba kuni Donald Tramp bilan o‘tkazilgan sammitdan so‘ng, AQSh bilan aloqalarning “yangi pozitsiyalanishi”ni olqishladi. Uning ta’kidlashicha, ushbu munosabatlar hamkorlik bilan bir qatorda mo‘tadil raqobatni ham nazarda tutadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ko‘ra, har ikki yetakchi konstruktiv va strategik jihatdan barqaror munosabatlarni rivojlantirish kelgusi uch yil va undan keyingi davr uchun asosiy yo‘l-yo‘riq bo‘lishiga kelishib oldilar.

Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, Si Szinpin bunday munosabatlar asosan hamkorlikka tayanishi lozimligini ta’kidladi. Shu bilan birga, mo‘tadil raqobat sharoitida “kelishmovchiliklar nazorat qilinadigan barqarorlik va uzoq muddatli tinchlik”ni ta’minlash zarurligini qayd etdi. U har ikki davlatni savdo, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi, turizm, gumanitar almashinuv va huquqni muhofaza qilish sohalarida hamkorlikni kengaytirishga chaqirdi.

Si Szinpin hamkorlikni targ‘ib qilsa-da, Tayvan masalasida AQSh o‘ta ehtiyotkor bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Xitoy o‘zini-o‘zi mustaqil boshqaradigan ushbu orolni o‘z hududi deb hisoblaydi, biroq Taypey bu da’voni rad etadi. “Agar bu masala noto‘g‘ri boshqarilsa, ikki mamlakat to‘qnash kelishi, hatto mojaroga kirishishi mumkin. Bu esa Xitoy-AQSh munosabatlarini juda xavfli vaziyatga tushirib qo‘yadi”, — dedi Xitoy yetakchisi.

Xitoy va AQSh “raqib emas, hamkor bo‘lishi kerak”

Si Szinpin Pekindagi uchrashuv chog‘ida Trampga Vashington va Pekin “raqib emas, hamkor bo‘lishi” lozimligini uqtirdi. Xitoyning marosimlar saroyi hisoblangan Buyuk xalq zalida so‘zga chiqqan Si Szinpin: “Xitoy ham, AQSh ham hamkorlikdan foyda ko‘radi, to‘qnashuvdan esa zarar ko‘radi”, — dedi va ushbu uchrashuv butun jahon e’tiborida ekanini qo‘shimcha qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, dunyo “bir asrda ko‘rilmagan” ulkan o‘zgarishlarni boshdan kechirmoqda. U xalqaro vaziyatni beqaror deb tasvirlab, insoniyat “yangi chorraha”ga yetganini bildirdi. Si Szinpin yirik davlatlar munosabatlarining yangi paradigmasini yaratish va xalqaro muammolarni birgalikda hal qilish vaqti kelganini ta’kidladi.

Si Szinpin 2026-yildan boshlab munosabatlarda “yangi bob” ochishni va bu yilni “tarixiy davr”ga aylantirishni maqsad qilganini aytdi. Shuningdek, u iqtisodiy aloqalar o‘zaro manfaatli ekanini qayd etdi.

Chorshanba kuni Janubiy Koreyada uchrashgan ikki davlat savdo muzokarachilari muloqotni “ochiq, chuqur va konstruktiv” deb baholadilar. “Vaqt shuni ko‘rsatdiki, savdo urushlarida g‘oliblar bo‘lmaydi”, — dedi Si Szinpin va “teng huquqli maslahatlashuv”ni yagona to‘g‘ri yo‘l deb atadi.

Mintaqaviy mojarolar va xalqaro masalalar

Savdo va tariflardan tashqari, uchrashuvda Yaqin Sharqdagi mojarolar, Rossiya-Ukraina urushi va Koreya yarimorolidagi vaziyat muhokama qilindi.

Prezident Trampga tashrif davomida Davlat kotibi Marko Rubio va Mudofaa vaziri Pit Hegset bilan birga AQShning eng yirik kompaniyalari rahbarlari hamrohlik qildi. Ular orasida Jensen Xuang (Nvidia), Ilon Mask (Tesla), Tim Kuk (Apple), Larri Fink (BlackRock) va boshqalar bor edi.

Shuningdek, prezidentga o‘g‘li Erik Tramp va kelini Lara Tramp hamrohlik qildi. Birinchi xonim Melaniya Tramp ushbu tashrifda ishtirok etmadi.