DUNYO
2 daqiqa o'qish
Zaxarova NATOni Rossiya bilan urush qilish istagida aybladi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova NATOning xatti-harakatlarini keskin tanqid qilib, Moskva alyansga a’zo davlatlarga hujum qilish niyatida emasligini aytdi.
Zaxarova NATOni Rossiya bilan urush qilish istagida aybladi
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Mariya Zaxarova / TRT на русском
 

Zaxarova poytaxt Moskvada o‘tkazgan haftalik matbuot anjumanida kun tartibidagi bir qator masalalarga to‘xtaldi.

NATOning Rossiyaga nisbatan xatti-harakatlarini tanqid qilgan Zaxarova shunday dedi: «NATO aqlga sig‘maydigan tarzda harakat qilmoqda. Bu NATO strategiyasini ishlab chiqayotganlar urush qilishni istayotganini ko‘rsatadi. Rossiya NATOga a’zo davlatlarga hujum qilish niyatida emas. Biz qo‘shnilarimiz va boshqa barcha davlatlar bilan tinch-totuv yashashni istaymiz».

Zaxarova Yevropa davlatlarining Ukraina inqirozini hal etish bo‘yicha muzokaralarda ishtirok etishi ehtimoliga ham to‘xtaldi. Uning aytishicha, Yevropa tomonining bayonotlari va xatti-harakatlari uning bunday muzokaralarga tayyor emasligini ko‘rsatmoqda.

Zaxarova Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha oliy vakili Kaya Kallasning Yevropa nomidan muzokaralarda qatnashishi tinchlik tashabbuslariga putur yetkazishini ta’kidladi. «Kallas lavozimga kelganidan beri Rossiyaga qarshi pozitsiyani egallab, mamlakatimizga voqelikdan yiroq talablar qo‘ymoqda», dedi u.

Zaxarova Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirish qaroriga Moskva javob qaytarishini bildirdi.

Estoniya mudofaa kompaniyasiga qarshi Rossiya razvedkasi topshirig‘i bilan sabotaj uyushtirishga urinish bo‘lganini vaj qilib, 1-dekabrdan Rossiya bilan chegaradagi barcha o‘tish punktlarini yopishga qaror qildi. Zaxarova bu qarorni «Temir parda» davriga qiyosladi va Moskva bunga javoban siyosiy hamda diplomatik choralar ko‘rishini aytdi.

Zaxarova Moldova Rossiyani uchuvchisiz uchish apparatlari bilan o‘z havo hududini buzganlikda ayblaganini eslatdi. Uning aytishicha, Rossiya tomoniga bu borada hech qanday dalil taqdim etilmagan.

Zaxarova Moskva AQShning yadroviy salohiyatini oshirishga qaratilgan harakatlarini diqqat bilan kuzatayotganini aytdi. U Vashington Rossiya ham yadroviy qurolga ega ekanini hisobga olishi kerakligini ta’kidladi.