Anqaradagi uchrashuvda Turkiya viza uchun qabulga yozilishni osonlashtirish, arizalarni tezroq ko‘rib chiqish va talab etiladigan hujjatlar sonini kamaytirishni so‘radi. Turkiya fuqarolari uchun viza tartiblarini qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha alohida ishchi guruh tuzildi.
Diplomatik manbalardan olingan ma’lumotga ko‘ra, Turkiya Shengen vizasiga oid tartiblarni qayta ko‘rib chiqishni so‘radi.
Turkiya uchun Yevropa Ittifoqi (YI) bilan vizalarni bekor qilish bo‘yicha muloqotni yakunlash va o‘z fuqarolarining Shengen hududiga vizasiz safar qilishiga yo‘l ochish ustuvor maqsad bo‘lib qolmoqda. Bu maqsadga erishilguniga qadar Turkiya Shengen vizasiga ariza topshirish tartibini yengillashtirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini davom ettirmoqda.
Shu doirada Turkiya Tashqi ishlar vazirligi mutasaddilari 18-noyabr kuni Anqarada o‘tkazilgan Mahalliy Shengen hamkorlik guruhi (LSC) yig‘ilishida Shengen mamlakatlarining Turkiyadagi vakillari, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi va Yevropa Komissiyasi vakillari bilan uchrashdi.
Shengen vizasini berish tartiblari va tegishli ma’lumotlar muntazam ko‘rib chiqiladigan bu yig‘ilishda Tashqi ishlar vazirligi va Yevropa Komissiyasi vakillari ilk bor qatnashdi.
Yig‘ilishda Turkiya tomoni Yevropa Ittifoqi bilan ko‘plab sohalardagi integratsiya darajasi yuqori ekanini ta’kidlab, Shengen vizasini olishda uchrayotgan muammolarni bartaraf etish bo‘yicha o‘z talablarini bildirdi. Xususan, viza uchun qabulga yozilishdagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, arizalar bo‘yicha tezroq qaror chiqarish, talab etiladigan hujjatlar sonini kamaytirish va ilgari Shengen vizasini olgan shaxslar uchun tartiblarni yengillashtirish so‘raldi.
Turkiya, shuningdek, uzoqroq muddatga amal qiladigan va bir necha bor kirish imkonini beradigan vizalarni olishga yo‘l ochuvchi bosqichma-bosqich viza tizimini (Cascade) kengroq qo‘llashni so‘radi. Yevropa Ittifoqi bilan savdo uzilib qolmasligi uchun turkiyalik yuk mashinasi haydovchilarining Shengen hududiga uzluksiz kirishini ta’minlash va ularning hududda qolish muddatiga oid amaldagi cheklovlarga yechim topish zarurligi ham ta’kidlandi.
Tashqi ishlar vazirligi viza jarayonidagi uzilishlar qonuniy faoliyat yuritmaydigan, o‘zini maslahat xizmati ko‘rsatuvchi kompaniya sifatida tanishtiradigan tuzilmalarning paydo bo‘lishiga sharoit yaratganini qayd etdi. Bu tuzilmalar fuqarolarning viza uchun qabulga yozilishini yanada qiyinlashtirayotgani aytildi.
Tashqi ishlar vazirligining Adliya, Savdo va Ichki ishlar vazirliklari bilan hamkorligi natijasida ushbu tuzilmalarga qarshi amaliyotlar o‘tkazilgani va ko‘plab shaxslarga nisbatan huquqiy ish yuritish boshlanganini ma’lum qilishdi.
Turkiyaning sa’y-harakatlari natijasida Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridagi universitetlarga qabul qilingan turkiyalik talabalarning viza olishda duch kelgan muammolari oldingi ikki yilga nisbatan sezilarli darajada kamaygani bildirildi. Mutasaddilarning aytishicha, 2026-yilda bu masala yuzasidan Tashqi ishlar vazirligiga sanoqli individual murojaat kelib tushgan. Qolgan muammolarni hal etish bo‘yicha muloqot davom etmoqda.
Yevropa Ittifoqi institutlari va a’zo mamlakatlarning tegishli idoralari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida Turkiya fuqarolariga nisbatan qo‘llanadigan Shengen vizasi tartiblarini qayta ko‘rib chiqish uchun Shengen mamlakatlarining Turkiyadagi vakolatxonalari ishtirokida alohida ishchi guruh tuzilgani bildirildi.















