Shenchjenda AQSh, Rossiya va Xitoy yetakchilari to‘rt bandli deklaratsiya e’lon qildi. Yevropalik rasmiylar Donald Tramp Ukrainaga ajratilayotgan yordam yuzasidan xavotir bildirganini aytdi. AQSh rasmiysi esa Tramp Kiyevga moliyaviy yordamni to‘xtatishga chaqirgani haqidagi xabarni rad etdi.
AQSh prezidenti Donald Tramp Xitoyda o‘tgan tarixiy sammitda Rossiya prezidenti Vladimir Putinni «do‘stim» deb atab, iliq kutib oldi. Oradan bir necha soat o‘tib, Tramp Yevropa davlatlarini Ukrainaga moliyaviy yordam berishni to‘xtatishga chaqirgani haqida xabarlar tarqaldi.
AQSh, Rossiya va Xitoy yetakchilari Shenchjen shahrida 90 daqiqa davom etgan muzokaralarni jahon tartibini qayta shakllantirishga qaratilgan to‘rt bandli reja bilan yakunladi. Muzokaralarga jalb etilmagan Yevropa yetakchilari esa voqealar rivojini Ukrainani qo‘llab-quvvatlash maqsadida Berlinda o‘tkazilgan sammitdan xavotir bilan kuzatdi.
Tramp Xitoy raisi Si Szinpin bilan uchrashishdan oldin Rossiya prezidentini «U kim? U mening do‘stim», degan so‘zlar bilan qarshi oldi.
Keyinroq Tramp Germaniyada bo‘lib o‘tgan Ko‘ngillilar koalitsiyasi yig‘ilishida telefon orqali ishtirok etdi. Yig‘ilishda Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernhem va Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ham qatnashdi.
«Politico» va «The Telegraph» nashrlari suhbatlashgan yevropalik rasmiylarga ko‘ra, Tramp Yevropa Ukrainaga ajratayotgan milliardlab dollarlik yordam yuzasidan xavotir bildirgan. U urush tugasa, mamlakatlar mablag‘ni tejashi mumkinligini ham ta’kidlagan.
Ismi oshkor etilmagan AQSh rasmiysi keyinroq «Politico» nashriga Tramp yetakchilarga Kiyevga moliyaviy yordamni to‘xtatish kerakligini aytgani haqidagi xabarni rad etdi. Rasmiyning so‘zlariga ko‘ra, Tramp mojaroga barham berish istagini yana bir bor bildirgan.
Oq uy matbuot kotiblaridan biri telefon suhbati ijobiyroq ruhda o‘tganini aytdi. «Prezident urush juda ko‘p insonning hayotiga zomin bo‘layotgani, katta mablag‘ talab qilayotgani va barcha tinchlik yo‘lida harakat qilishi kerakligini ta’kidladi. Tinchlik insonlar hayotini saqlab qoladi va mamlakatlarimizga mablag‘ni o‘z mudofaasi hamda farovonligiga yo‘naltirish imkonini beradi», dedi u «Politico» nashriga.
Xitoydagi uch tomonlama sammitda to‘rt bandli deklaratsiya e’lon qilindi
Putin, Tramp va Si Szinpin payshanba kuni erta tongda «tinchlik deklaratsiyasi»ni e’lon qildi. Unda Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi islohotlarni ilgari surish, qazilma yoqilg‘i ta’minotini ko‘paytirish, davlat amaldorlarining xalqaro sudlardagi daxlsizligini saqlash va yadroviy qurol tarqalishining oldini olish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazish majburiyatlari belgilandi.
Tramp uchrashuv boshida Si Szinpin va Putinga murojaat qilib, «Biz chindan ham tarix yozyapmiz. Muloqot imkoniyatlarini rad etish bilan hech qachon tinchlikka erishilmagan», dedi.
Sammitdagi iliq munosabat Yevropa yetakchilarini xavotirga soldi. Ular Trampni Putin o‘zlarining do‘sti emasligi va hech qachon do‘sti bo‘lmasligi haqida ogohlantirdi.
Berlindagi Ko‘ngillilar koalitsiyasi yig‘ilishida Daniya bosh vaziri Mette Frederiksen shunday dedi. «Menimcha, bugungi uchrashuvdan keyin Putin yanada dadillashadi. U mamnun ko‘rinadi. Afsuski, bu jahon tinchligi uchun ham, Ukraina uchun ham yaxshi belgi emas. Shu bois bu uchrashuvning oqibatlari biz, yevropaliklarga, yanada og‘irroq zarba bo‘ladi, deb o‘ylayman».
Putin Qrim ko‘prigiga hujumlarga keskin javob berish bilan tahdid qildi
Uch tomonlama uchrashuv tugaganidan ko‘p o‘tmay, Rossiya prezidenti keskin bayonot berdi.
Putin Xavfsizlik kengashidan dengizdagi va energetika obyektlariga qaratilgan hujumlarni to‘xtatish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raganini aytdi. «Qrim ko‘prigiga qilingan hujumlardan keyin hech qanday kelishuv bo‘lmaydi. Bu hujumlarga javob beramiz. Javobimiz Kiyev rejimining ko‘prikka qilgan hujumidan ancha og‘riqli bo‘lishiga ishonaman. Buni hamma bilishini istayman», dedi u.
Ukraina armiyasi avtomobil va temiryo‘l qatnoviga mo‘ljallangan ko‘prikka shu hafta uchinchi bor zarba berganini tasdiqladi. Yevropadagi eng uzun ko‘prik hisoblangan bu inshoot Putin boshqaruvidagi Rossiya ramzlaridan biri sifatida ko‘riladi. Putin Ukrainadagi Yevropa qo‘shinlari yuzasidan ham xavotir bildirib, Yevropa va Ukrainani urushni tugatish uchun yon berishdan bosh tortayotganlikda aybladi.
Ukrainada sodir etilgani aytilayotgan harbiy jinoyatlar yuzasidan Xalqaro jinoiy sud (XJS) tomonidan qidiruvga berilgan Rossiya prezidenti kunning avvalida Tramp bilan qariyb besh yildan beri davom etayotgan mojaroning borishini muhokama qildi. Putin uchrashuvdan tabassum bilan chiqdi.
Kreml maslahatchisi Yuriy Ushakovning aytishicha, 35–40 daqiqa davom etgan yakkama-yakka uchrashuvda asosiy mavzu urush bo‘lgan. Ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarning iliqlashuvi ham muhokama qilingan. Bu bayonotlar urushni tugatish bo‘yicha shu paytgacha olib borilgan muzokaralarga jalb etilmagan Yevropa davlatlarining xavotirini kuchaytirishi mumkin.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, keyin o‘tkazilgan uch tomonlama yig‘ilishda Ukraina asosiy mavzu bo‘lmagan va to‘rt bandli rejaga ham kiritilmagan. Xitoy raisi Si Szinpin esa yechimi ko‘rinmayotgan mojaroni Yevropa muammosi deb atab, bu masalaga faol aralashishdan tiyildi.
Shenchjendagi uchrashuv 1945-yilda AQSh, Buyuk Britaniya va Sovet Ittifoqi ishtirokida o‘tkazilgan Yalta konferensiyasiga qiyoslandi. O‘sha konferensiya ta’sir doiralarini rasmiylashtirgan va yirik davlatlar kichik mamlakatlarga o‘z shartlarini o‘tkazgan kelishuvlarning ramziga aylangan edi.
Ukraina tashqi ishlar vaziri Andriy Sibiha Yalta bilan qiyoslashga javoban ko‘prikka qilingan hujumni eslatdi. «Shenchjen Putin orzu qilgan Yalta emas. Ayni paytda Rossiya Ukrainaning bosib olingan hududi Qrimdagi haqiqiy Yaltaga olib boradigan ko‘prigini amalda yo‘qotdi. Endi uning uyg‘onishi, vaziyatga real qarashi va hech qachon g‘alaba qozona olmaydigan urushni tugatishi vaqti keldi», deb yozdi Sibiha ijtimoiy tarmoqda.
Xalqaro jinoiy sud, energiya ta’minoti va sammitga berilgan baho
Uch yetakchi qo‘shma bayonotda Xalqaro jinoiy sud va unga o‘xshash boshqa tuzilmalar o‘z sudlov vakolatlarini suiiste’mol qilmasligi kerakligi borasida kelishib oldi. Tramp sudni «nazoratdan chiqib ketgan» deb atab, u o‘z vakolatlari doirasidan ancha chiqib ketganini aytdi.
AQSh va Xitoy Rim statutiga taraf bo‘lmagani uchun sudning hibsga olish orderlarini ijro etish bo‘yicha a’zo davlatlarga yuklatilgan majburiyat ularga tatbiq etilmaydi. Trampning Isroildagi ittifoqchisi, bosh vazir Binyamin Netanyaxuga nisbatan ham G‘azoda sodir etilgani aytilayotgan harbiy jinoyatlar yuzasidan hibsga olish orderi chiqarilgan.
Trampning Erondagi urushi va Putinning Ukrainadagi urushi bu yil neft narxlarining rekord darajaga ko‘tarilishiga olib kelganidan so‘ng, yetakchilar energiya ta’minotining barqarorligini ta’minlash va qayta ishlangan neft mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish niyatida ekanini bildirdi.
AQSh va Rossiya o‘rtasidagi yadroviy qurollarni qisqartirish to‘g‘risidagi shartnomaning muddati fevralda tugadi. Shu bilan dunyoning ikki eng yirik yadroviy davlati o‘rtasidagi yuridik kuchga ega so‘nggi cheklovlar ham bekor bo‘ldi. Putin yaqinda G‘arb Kaliningradning Rossiyaning qolgan hududlari bilan aloqasini uzishga urinsa, yadroviy qurol qo‘llashi mumkinligi haqida ogohlantirgan edi.
«Chatham House» tahlil markazi tadqiqotchisi Lindsi Nyuman «The Independent» gazetasiga bergan intervyusida Shenchjen sammitining tarixiy jihati yetakchilarning shu shaklda uchrashganida ekanini aytdi. Uning baholashicha, muzokaralarda asosiy muammolar yechimsiz qoldi.
«Bu masalalar geosiyosiy ahamiyatini saqlab qolmoqda. Biroq muzokaralarda Ukrainadagi urush, Eronda davom etayotgan mojaro, jahon energetika bozoridagi bosim va turmush xarajatlarining oshishi kabi dolzarb masalalar chetda qoldi. Tramp aytganidek, birgalikdagi diplomatik sa’y-harakatlar ijobiy belgi. Ammo Shenchjendagi muzokaralardan keyin ham savollar javobsiz, asosiy muammolar esa yechimsiz qoldi», dedi Nyuman.















