Turkiya mezbonligida 9-noyabr kuni boshlangan Birlashgan Millatlar Tashkilotining Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi Tomonlarining 31-konferensiyasi (COP31) 12 kunlik marafondan so‘ng bugun bo‘lib o‘tadigan yakuniy muzokaralar bilan o‘z ishini yakunlaydi.
Global iqlim inqiroziga qarshi kurashda dunyoning yangi yo‘l xaritasini belgilab beruvchi BMT Iqlim o‘zgarishi to‘g‘risidagi hadli konvensiyasi (UNFCCC) Tomonlarining 31-konferensiyasida (COP31) bugun final kuni o‘tkazilmoqda.
Konvensiyaga a’zo 196 ta davlat va Yevropa Ittifoqi ishtirokida 9-noyabr kuni Antaliyada 1 million 100 ming kvadrat metr maydonda boshlangan yirik sammit bugun “Moviy hudud”da o‘tkaziladigan “Yakuniy muzokaralar” hamda “Yashil hudud”dagi “Moliyalashtirish va imtiyozlar” mavzusidagi dasturlar bilan yakunlanadi.
Qarorlar ko‘pchilik ovoz bilan emas, balki barcha tomonlarning yakdilligi (konsensus) asosida qabul qilinadigan sammitning so‘nggi kunida barcha e’tibor global harorat ko‘tarilishini 1,5 daraja Selsiy bilan cheklash maqsadi doirasida rivojlanayotgan mamlakatlarga mo‘ljallangan iqlimiy moliyalashtirish paketlari va chiqindilarni kamaytirishga oid yakuniy matnlarga qaratilgan.
“Amaliyot COPi” qarashlari va tarixda ilk bor e’lon qilingan qo‘shma bayonot
Prezident Farmoyishiga muvofiq, COP31 raisligini Turkiya Atrof-muhit, shaharsozlik va iqlim o‘zgarishi vaziri Murat Kurum olib borgan bo‘lsa, muzokaralar raisligi vazifasini Avstraliya Iqlim o‘zgarishi va energetika vaziri Kris Bouen bajardi.
Sammit ochilishida “Bugungi dunyoda endi quruq so‘zga o‘rin qolmadi” deya bayonot bergan vazir Kurum Turkiyaning “muloqot, murosa va harakat” tamoyillari asosida shakllantirilgan “Amaliyot COPi” konsepsiyasi hamda ushbu doirada belgilangan 10 ta ustuvor Harakat kun tartibi yo‘nalishini dunyo hamjamiyati bilan bo‘lishdi. Kurum, shuningdek, moliyaviy resurslarni amaliy loyihalar bilan bog‘lovchi Iqlimiy amaliyot ko‘prigi (BRIDGE) mexanizmi COP31 doirasida ishga tushirilganini ma’lum qildi.
Sammitda iqlim diplomatiyasi nuqtayi nazaridan ilk bor muhim voqea yuz berdi: COP21 dan COP30 gacha faoliyat yuritgan avvalgi davr raislari qo‘shma bayonot e’lon qilib, COP31 raisligini qo‘llab-quvvatlashlarini bildirdilar. Bundan tashqari, sammit doirasida Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi.
Yetakchilar sammitida qizg‘in diplomatiya va G‘azo bo‘yicha bayonot
Konferensiyaning eng muhim burilish nuqtalaridan biri 11–12-noyabr kunlari “Moviy hudud”da Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an mezbonligida o‘tkazilgan Yetakchilar sammiti bo‘ldi. Olti qit’adan 95 ta davlat rahbari va 7 ta xalqaro tashkilot rahbari — jami 102 nafar yetakchi darajasida ishtirok etgan tadbirda 300 dan ortiq vazir, 160 ta rasmiy pavilyon hamda 90 ta delegatsiya ofisi faoliyat yuritdi.
Yetakchilar sammitida dunyoga murojaat qilgan Prezident Erdog‘an “Ekologiyani iqtisodiyotga qurbon qilayotgan ochko‘z tafakkurga endi ‘to‘xta’ deylik” deya chaqiriq bilan chiqib, insoniyatga bugun “inson va tabiat o‘rtasida imzolanadigan umuminsoniy mehr-shafqat bitimi” zarurligini ta’kidladi. Erdog‘an, shuningdek, G‘azoda nafaqat genotsid, balki ayni paytda ekologik qirg‘in (ekotsid) ham sodir etilayotganini qayd etib, bu zulmga chek qo‘yilishi shartligini bildirdi.
Antaliyada qizg‘in diplomatik uchrashuvlar o‘tkazgan Erdog‘an BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, Braziliya Prezidenti Lula da Silva, Eron Prezidenti Mas’ud Pezeshkiyon, Avstraliya Bosh vaziri Entoni Albaneze va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan boshchiligidagi ko‘plab davlat va hukumat rahbarlari bilan ikki tomonlama muzokaralar olib bordi. Erdog‘an 11-noyabr — Milliy ko‘chat ekish kuni munosabati bilan Guterrish bilan birgalikda sammit hududida zaytun ko‘chatini o‘tqazdi.
COP31 Parlamentlararo yig‘ilishida ishtirok etgan Turkiya Buyuk Millat Majlisi (TBMM) Raisi Numan Kurtulmush ham Isroilning Falastin yerlariga uyushtirayotgan hujumlari oqibatida atrof-muhit vayron bo‘layotgani va zaytun daraxtlari qo‘porib tashlanayotganiga e’tibor qaratdi. Bosh Assambleyada nutq so‘zlagan Falastin Bosh vaziri Muhammad Mustafo esa Turkiyaga va Prezident Erdog‘anga minnatdorlik bildirib, nutqidan so‘ng ishtirokchilar tomonidan tik turgan holda olqishlandi.
“35 ga 35” elektrlashtirish maqsadini 75 ta davlat qo‘llab-quvvatladi
COP31 ning eng aniq natijalaridan biri Turkiya tashabbusi bilan e’lon qilingan “35 ga 35” global elektrlashtirish maqsadi bo‘ldi. Bugungi kunda global miqyosda 22 foizni tashkil etayotgan elektr energiyasining yakuniy energiya iste’molidagi ulushini 2035-yilga kelib 35 foizga yetkazishni ko‘zda tutuvchi ushbu tashabbusni Germaniya, Buyuk Britaniya, Norvegiya, Janubiy Koreya, Ispaniya, Avstraliya, Yaponiya, Daniya, Kanada va Qirg‘iziston kabi 75 ta davlat, Yevropa Komissiyasi hamda biznes va fuqarolik jamiyatining 94 ta tashkiloti qo‘llab-quvvatladi. Mazkur maqsad COP31 ning dastlabki muzokaralar matniga ham kiritildi.
Sammit doirasida energetika, moliya, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, transport va turizm sohalarida ham muhim qadamlar tashlandi:
Energetika va moliya: Prezident Erdog‘an ishtirok etgan Biznes-forumda Turkiya atom elektr stansiyalari sonini oshirishi ta’kidlangan bo‘lsa, Energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslan Bayraktar energetik transformatsiya uchun 2040-yilgacha 300 milliard dollarlik sarmoya kiritilishi rejalashtirilganini ma’lum qildi. Sammitda Turkiya, Ozarbayjon, Bolgariya va Gruziya o‘rtasida toza energetika sohasida strategik sheriklik bitimi imzolandi; Turkiya va Kanada o‘rtasida esa reaktor texnologiyasi asosida atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslash va dastlabki loyihalash shartnomasi tuzildi. Turkiya Respublikasi Markaziy banki (TCMB) ham global markaziy banklar va moliya institutlarini Antaliyada jamlab, “yashil” transformatsiya yo‘l xaritalarini muhokama qildi.
Qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash: Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vaziri Ibrohim Yumakli suv resurslarini markazga qo‘yuvchi qishloq xo‘jaligi yondashuvi haqida so‘zlab, “Firuzarang bog‘liqlik tashabbusi”ga start berdi. Sog‘liqni saqlash vaziri Kemal Memisho‘g‘li esa sog‘liqni saqlash masalasi iqlim siyosatining markazida turishi kerakligini urg‘uladi.
Transport, turizm va texnologiya: Transport va infratuzilma vaziri Abdulkadir Uralo‘g‘li Turkiya 53 ta aeroporti bilan Uglerodsiz aeroport sertifikatlari soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘ringa ko‘tarilganini e’lon qildi. Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy esa 3 mingta joylashtirish obyekti barqarorlik transformatsiyasini yakunlaganini, 2030-yilgacha 20 mingta obyekt tegishli sertifikat olishini bildirdi. Turkiyaning milliy elektromobili TOGG ham sammitda namoyish etilib, katta qiziqish uyg‘otdi.
“Nol chiqindi” va “Asr qurilishi” jahon sahnasida
Rasmiy muzokaralar o‘tkazilgan 527 ming kvadrat metrlik “Moviy hudud” bilan bir qatorda fuqarolik jamiyati, akademik doiralar, yoshlar va xususiy sektor vakillarini birlashtirgan 582 ming kvadrat metrlik “Yashil hudud” 12 kun davomida ko‘plab mehmonlarni qabul qildi. Turkiya ushbu maydonda 6-fevral zilzilalaridan so‘ng 11 ta viloyatda barpo etilgan 455 mingta iqlim o‘zgarishlariga chidamli ofat uylarini o‘z ichiga olgan “Asr qurilishi” dasturini hamda global harakatga aylangan “Nol chiqindi” (Sıfır Atık) loyihasini dunyoga taqdim etdi.



















