Bolgariya bilan Turkiya o‘rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorligini rivojlantirish maqsadida ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari, investorlar, diplomatlar va san’atkorlar Sofiyada o‘tkazilgan «Biznes san’ati forumi»da uchrashdi.
Tadbirda Bolgariya Bosh vaziri o‘rinbosari, Iqtisodiyot, investitsiyalar va sanoat vaziri Aleksandar Pulev, Madaniyat vaziri Evtim Miloshev, Bolgariyaning Anqaradagi elchisi Anguel Tcholakov, Turkiyaning Sofiyadagi elchisi Mehmet Sait Uyanık, BULTİŞAD boshqaruvi raisi Burhan Nemutlu hamda tashkilot asoschisi va faxriy raisi Fikret Inje ishtirok etdi.
Uyanık forumdagi nutqida Turkiya bilan Bolgariya o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi 2025 - yilda 9 milliard yevroga yetgani va ikki davlat tomonidan belgilangan 10 milliard yevrolik marraga yaqinlashganini ta’kidladi.
Bolgariyadagi turk investitsiyalari qariyb 3 milliard yevroga yetganini bildirgan Uyanık, ushbu sarmoyalar ishlab chiqarish, bandlik va sanoat rivojiga hissa qo‘shayotganini qayd etdi.
U ikki davlat hamkorligining yangi bosqichida savdo va investitsiyalarni oshirish bilan bir qatorda, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar, texnologiyalar va g‘oyalarni rivojlantirishga e’tibor qaratish lozimligini ta’kidladi. Shuningdek, san’at, dizayn va sanoat o‘rtasidagi hamkorlik yangi biznes imkoniyatlarini yaratishi mumkinligini bildirdi.
Forum doirasida texnologiyalar transferi, investitsiyalar hamda davlat va xususiy sektor hamkorligi masalalariga bag‘ishlangan davra suhbatlari tashkil etildi.
Tadbirning san’at dasturi doirasida Turkiya bilan Bolgariya san’atkorlarining asarlari namoyish etilgan zamonaviy san’at ko‘rgazmasi tashrif buyuruvchilar uchun ochildi.
Ikki mamlakat san’atkorlarining ijod namunalarini birlashtirgan dastur taqdirlash marosimi va san’at asarlari auksioni bilan davom etdi.


















